Gullar vodiysining malikasi
Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Gullar hammaga yoqadi. Lekin shunday ishqibozlar borki, gullar haqida soatlab gaplashsangiz ham zerikmaysiz. “Andijon gullari bogʻi” gulchilik klasterining rahbari Nodiraxon Nasriddinova bolaligidan gulchilikka qiziqadi. Bogʻda, hovli va uy devorlariga chirmashib oʻsadigan noyob atirgullari bor. Yigirma yildan beri turli hududlardan urugʻlar, kurtaklar, qalamchalarni olib kelib sotish bilan birga, qoʻshnilar, tanishlariga ham hadya etadi. Ular ham bu sevimli mashgʻulot bilan shugʻullanib, gul sevuvchilar safi kengayishini istaydi. Uch-toʻrt yildirki, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirib, gul va koʻchat yetishtirish bilan shugʻullanib kelmoqda.
— “Yangi Andijon” massivi yirik loyihalardan biri boʻldi, — deydi Nodiraxon Nasriddinova. — Ushbu massivni gulzorga aylantirish masʼuliyati yuklangandi. Shu kungacha 30 turdagi 20 ming tup gul, manzarali daraxt koʻchatlarini ekdik. Ular yilning toʻrt faslida ham gullab, shahar koʻrkiga-koʻrk qoʻshib turibdi. Har bir gulga yoʻlovchilar mehr bilan qarab oʻtadi. Goʻzallik shaydolarga shu gullardan ilhomlanib, oʻzlarining bogʻi, hovlisi va uylarida ham gulzor yaratishga kirishadi.
Gulchilik ham kasb. Mazkur klaster ishchilari nafaqat vodiy, balki respublikamizning turli hududlarida ham gul biznesini rivojlantirish uchun yirik loyihalarga qoʻl urgan. Andijon, Fargʻona, Namangan, Qoʻqon va Toshkent shaharlarida barpo etgan yashil makonlari xorijlik sayyohlarini ham oʻziga tortmoqda.
— Gulchilikning oʻziga xos qiyinchiliklar bor. Chunki siz gulga qanday gʻamxoʻrlik qilishni bilishingiz, mahsulot ustida doimo ishlashingiz kerak, — deydi tajribali tadbirkor. — Asosan Turkiya, Italiyadan koʻchat, urugʻ olib kelganimiz bilan ular mamlakatimiz iqlimiga moslashi uchun gulchilik sir-sinoatidan xabardor boʻlish kerak. Keling, atirgulni olaylik, oddiy odam uchun atirgul Italiyada ham atirguldir. Nozik didli buyurtmachiga italyan atirgullaridek mahsulot yetkazib bersakkina, biznesimiz muvaffaqiyat qozonadi. Buning uchun maxsus laboratoriyamiz faoliyat koʻrsatmoqda. Har bir gulga ilmiy tomondan yondoshamiz.
Inson oʻz kasbini sevsa, uni mehr bilan amalga oshirsa oʻziyam mehnatidan zavqlanadi, boshqalarga ham goʻzallik va hayrat ulashadi. Gulchilikda oʻz biznesini yoʻlga qoʻyib, qancha opa-singillarimizni ish bilan taʼminlagani uchun Nodiraxon Nasriddinova “Shuhrat” medaliga munosib topilgan. “Yil ayoli — 2024” respublika koʻrik-tanlovida gʻolib boʻlgani yosh gulchilarni tarbiyalashga ham turtki boʻldi.
— Mavsum paytida ishchilarimiz soni ming nafardan ortadi, — deydi Gulchi opa. — Gullar yetishtirib daromad topayotganlarning koʻpi shu sohada oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻyishni xohlashadi. Shu talablardan kelib chiqib Andijon, Namangan, Fargʻona, Toshkent, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida oʻquv kurslari tashkil etganmiz. Unda gul va koʻchatchilik yetishtirishning sir-asrorlaridan tortib, shu ish ortidan daromad topishgacha boʻlgan jarayonni oʻrgatamiz.
Odatda, buyuk ishlar asoschilariga toshdan haykal qoʻyib, nomini abadiylashtiradi. Qaydaki, koʻzni quvnatib dillarni shodlantiradigan yashil makonga koʻzingiz tushsa bilingki, u maqolamiz qahramoniga qoʻyilgan goʻzallik ramzi. Bir gulchi ayol uchun bundan ortiq baxt boʻlmasa kerak!
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring