Gulbahor Saidgʻaniyeva: Aybdor faqat deputat emasligi aniq, xizmat vazifasini suiisteʼmol qilgan tomon ham qilmishiga yarasha javob berishi shart

17:26 18 Aprel 2020 Siyosat
1508 0

Ijtimoiy tarmoqlar orqali hali u deputatni, hali bu deputatni IIB xodimlari karantin qoidalarini buzganligi uchun javobgarlikka tortgani haqida eshitib qolyapmiz, videoga olinib namoyish qilinayotganini koʻryapmiz.

Birinchisi, adashmasam, Qoʻqon shahar deputatining asossiz xabar tarqatganligi voqeasi edi. Oʻshanda deputat nomiga katta ahamiyat berib shov-shuv qilinganiga ichimda gʻijindim-ku, lekin aybiga yarasha jazosini olsin-da, kim boʻlsayam, karantinmi-karantin deb qoʻyaqoldim.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maxfirat Xushvaqtovaning “Shifokorlar avtomobildan foydalanishga haqli ammo...” maqolasiga ham IIB tomonidan darhol javob boʻldi. Adliya aralashganidan soʻng oʻrtaga aniqlik kiritildi. Deputat bor-yoʻgʻi shifokorlar huquqini himoya qilib chiqqan edi....

Lekin keyingi voqealar tabiiy kechmayotgandek tuyulmoqda. Xuddi yuqoridan buyruq boʻlganu organ xodimlari faqat qoida buzgan deputatlarni videoga olib chiqayotgandek tuyulyapti. Nima, qoida buzganlar ichida boshqa soha kishilari, amaldorlar yoʻqmi? Nimaga ularni videoga olib koʻrsatilmayapti? Axir jarima maydoni toʻlib yotibdi-ku.

Yasama qurol koʻtarib qimmat mashinada yurgani videosini qoʻygan yigitcha ham “deputatning oʻgʻli“ ekaniga urgʻu berilib, xalq nafratini oshirishga harakat qilindi. Shunchaki, fuqaro falonchi deb olib chiqilishi ham mumkin edi.

Kuni kecha Namangan shahar kengashi deputati bilan boʻlgan voqea tasviri tarmoqlarda aylandi. Unga koʻra deputat nochor oilalarga oziq-ovqat va pul tarqatib yurganida IIB xodimlari toʻxtatib qoʻlini qayirib, avtobusga tiqib olib ketadi. Ungacha oʻrtada tortishuv boʻladi. “Deputat” soʻzi juda koʻp marta takrorlanadi. Hatto bitta suflyor ham oʻrgatib turgandek... Pogon yulib olish haqidagi gapga hech kim ishongani yoʻq desam xato boʻlmaydi. Shuncha militsiya xodimiga nisbatan bitta odam qarshi kuch ishlatolmaydi.

Deputat oʻz maqomini, huquqini soʻradi. “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida“gi Qonunning 11-moddasida quyidagcha yozib qoʻyilgan: “Tegishli xalq deputatlari Kengashining roziligisiz deputat mazkur hududda jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazoga tortilishi mumkin emas“.

Yana Jinoyat-protsessual Kodeksining 223-: “Ushlash chogʻida immunitet huquqidan foydalanuvchi shaxslar” degan moddasida ham “Deputatlar .... ushlab turilishi hamda ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga olib kelinishi mumkin emas...“ deb yozib qoʻyilgan.

Bundan kelib chiqadiki, YPX xodimlari jiddiy xatoga yoʻl qoʻyishgan. Deputatni — xalq ishonch bildirgan shaxsga nisbatan kuch ishlatishgan, zoʻrlik bilan qoʻlini qayirib olib ketishgan. Deputat xalq vakili, demak, deputatga munosabat unga ovoz bergan xalqqa munosabatdir. Endi-endi uygʻonayotgan haq soʻzni, deputatning haq-huquqini oʻylab harakat qilishlarini toʻxtatishga harakat bormikan deb oʻylab qoldim.

Deputatni jinoiy javobgarlikka tortish uchun avvalo uni maqomidan mahrum qilish kerak. Hozir esa deputatlik holatida javobgarlikka tortilmoqda.

Agar organ xodimlarining bugungi xatti-harakati jazosiz qolsa, ertaga barcha darajadagi deputatlarga ham tazyiq oʻtkazilishiga, xalq dardini aytadigan odam qolmasligiga kim kafolat bera oladi? Bugun xalqda oʻz deputatlariga endi-endi uygʻonayotgan ishonchni soʻndirishga harakat bormi yoki?

Bu mening shaxsiy fikrlarim. Haqiqiy holatni esa videotasvirni toʻligʻicha taqdim etishganda va boshqa holatlar ayonlashganda bilamiz. Aybdor faqat deputat emasligi aniq, xizmat vazifasini suiisteʼmol qilgan tomon ham qilmishiga yarasha javob berishi shart.

Gulbahor Saidgʻaniyeva,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер