Guanchjouda oʻtkazilgan xalqaro koʻrgazmada Oʻzbekiston hududlarining eksport va ishlab chiqarish imkoniyatlari namoyish etildi
Oʻzbekistonning Guanchjoudagi Bosh konsulxonasi tomonidan joriy yil 25-28-avgust kunlari boʻlib oʻtgan «31st Guangzhou Fair» koʻrgazmasida Oʻzbekiston milliy stendi tashkil etildi va mamlakatimiz milliy mahsulotlari namoyish etildi.
Koʻrgazmada Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan va eksportga yoʻnaltirilayotgan 20 dan ortiq qayta ishlangan qishloq xoʻjaligi va qandolat mahsulotlari namoyish etildi, shuningdek mamlakatimizning sayyohlik va eksport salohiyati taqdimoti oʻtkazildi.
Oʻzbekiston diplomatlari koʻrgazma davomida Guandun import mahsulotlari uyushmasi (GDIFA) bosh kotibining oʻrinbosari Vensi Tan bilan muzokara oʻtkazdilar.
Uchrashuv natijasida tomonlar shu yil 21-23-sentyabr kunlari oʻtkaziladigan Food2China Expo and the Guangzhou International Food & Ingredient Fair koʻrgazmalarida ishtirok etadigan oʻzbek kompaniyalarining stendlari uchun chegirmalar taqdim etish, mamlakatimiz eksportchilari, hududiy ishlab chiqaruvchilari va Guandun, Fuszyan provinsiyalari importyorlari hamda savdo tarmoqlari oʻrtasida hamkorlik oʻrnatish, shuningdek, qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari eksportini yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.
«31st Guangzhou Fair» koʻrgazmasi 90 ming kv.m. maydonda tashkil etildi. 9 ta pavilyondan iborat kompleksda shaharsozlik, mahalliy shaharlarni targʻib qilish, shuningdek, qishloq xoʻjaligi va qishloq hududlarini rivojlantirish boʻyicha yangi texnologiyalar namoyish etildi. Koʻrgazma, shuningdek, yangi oziq-ovqat va xalqaro yetkazish zanjirlari, texnologiya va uskunalar, keksalar sogʻligʻini saqlash sanoati va tibbiyot yoʻnalishlarini ham qamrab oldi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring