Goʻsht arzon boʻlishi uchun, koʻp goʻsht yetishtirish kerak — iqtisodchidan yaxshi takliflar
Arxiv surat
Mamlakatimizda xalqimizning farovon yashashi uchun keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu maqsadda bir qancha hujjatlar qabul qilinyapti. Shu jumladan, chorvadorlar uchun ham qulay imtiyozlar belgilanib, subsidiyalar ajratilmoqda, soliq yuklari yengillashtirilyapti. Ularni sanab, takrorlab ӯtirishning hojati yoʻq, albatta...
Keyingi paytlarda xalq gʻamida yurgan rahbaru mutaxassislar qanday qilib goʻshtning bahosini birxil saqlash ustida bosh qotirib, turli choralar koʻrishayotir. Zero, hammaning fikri aniq: goʻsht arzon boʻlishi kerak.
Arzon boʻlishi uchun esa ushbu mahsulot koʻp yetishtirilishi kerak. Buning uchun esa chorva mollarini boqishni koʻpaytirish zarur. Bular — isbot talab qilmaydigan haqiqat. Keling, quyida shu xususda fikr yuritsak.
Bilamiz, har bir tumanda mol bozori mavjud. Erta tongdan kuzatsangiz, u yerga 500 dan ziyod, baʼzi tumanlarda esa mingga yaqin mol sotish uchun olib kelinadi va ularning aksariyati aholiniki. Keyin goʻsht rastalariga oʻtamiz. Bir yo ikki joyda fermer yaxshi yetilmagan molini goʻshtini arzon bahoda sotadi, 8-10 joyda xususiy qassoblar sifatli goʻsht sotayotganini koʻramiz. Bundan, hozircha, aholimiz oʻzini oʻzi goʻsht bilan taʼminlab kelyapti, yaʼni 80 foiz ehtiyojni qondirib kelyapti, deb xulosa qilish mumkin.
Shuningdek, har bir tumanda chorvador fermerlar ham bor. Ularga har bosh mol uchun 0,30 gektar yer ajratib berilgan. Fermer shu yerga ozuqa ekini ekib molini boqishi kerak. Bilamiz, quruq xashak bilan molni boqib ham, semirtirib boʻlmaydi. Fermer birjadan yem sotib olishi kerak. Yemning bahosi esa kamida 3-3,5 ming soʻm. Aksariyat fermerlarning bunga qurbi yetmaydi. Chunki mol 1,5-2 yilda realizatsiya qilinishi kerak. 3-4 yil boqilgan mol esa foydadan koʻra zarar keltiradi.
Ishga toʻliq tushirilmayotgan imkoniyatlarimizdan yana biri paxta va gʻalla yoʻnalishidagi fermerlar bilan bogʻliq. Gap shundaki, ularga 100 gektarlab yer biriktirilgan. Shu bilan birga Vazirlar Mahkamasining qarori asosida oʻziga qarashli yerning 10 foiz maydoniga ozuqa va oziq-ovqat ekinlari ekishlariga ruxsat berilgan. Bundan tashqari, 2022-yilgacha hamma fermerlar koʻp tarmoqli fermerga aylanishi kerak. 100 gektar yerda faoliyat yuritayotgan fermerning, albatta, 20-30 bosh qoramol boqishga imkoniyati boʻladi.
Lekin hamma joyda ham shu 10 foiz maydon fermer ixtiyoriga berilyaptimikan?! Hisoblab koʻraylikchi respublikamizdagi fermerning hammasi yiliga 4 bosh mol sotsa qancha goʻsht el dasturxoniga yetib boradi? Buning uchun esa ularga imkoniyat, shart-sharoit yaratib berish lozim. Ular yetishtirgan paxta chigitidan olinadigan sheluxa va shrotning hech boʻlmasa 50 foizini klasterlar birjaga qoʻymasdan tannarx bahosida fermerga qaytarib berishlari kerak. Shunday imkoniyat yaratilsa, uch million tonna paxta yetishtirib berayotgan fermerlarimiz tonna-tonna goʻsht yetishtirib berishni ham uddasidan chiqadilar.
25 bosh molni kompleks qurmasdan, oddiy molxona yoki qoʻralarda parvarishlasa boʻladi. Buni amalga oshirish uchun, aytaylik, har bir fermer 3 gektar beda, 3 gektar makkajoʻxori ekishi shartligi huquqiy asoslansa maqsadga muvofiqdir. Aks holda bu tadbir amalda toʻsiqlarga uchrashi mumkin.
Misol uchun, birgina Xonqa tumanida 180 ta paxta va gʻallachilik, 127 ta chorvachilik yoʻnalishida fermerlar faoliyat yuritib kelyapti. Chorvachilikka ixtisoslashtirilgan fermer xoʻjaliklarida 9500 bosh, paxtachilik va gʻallachilik fermer xoʻjaliklarining faqat 60 tasida 800 bosh qoramol asralmoqda. Agar, 180 fermerga 25 bosh qoramol uchun imkoniyat yaratib berilsa, ular 4500 bosh mol boqishi mumkin. Ularning har biri 1 tonna goʻshtni 60000 soʻmdan sotsa, bir milliard 620 million soʻm qoʻshimcha qiymat hosil boʻladi. Buni, endi, respublika miqyosida oʻzingiz hisoblab koʻravering.
Yana bir fikr. Dehqon xoʻjaliklari tashkil qilishni tezlashtirib zaxiradagi kam hosilli, oʻzlashtirsa boʻladigan yerlarda 1-3 gektarlik dehqon xoʻjaliklari tashkil qilish maqsadga muvofiqdir. Bunda, avvalo, odamlar ish bilan taʼminlanadi, kambagʻallik qisqaradi. Ikkinchidan kam hosilli yerlar egali boʻlib 2-3 yilda hosildor yerga aylanadi. Dehqon xoʻjaligi turli ekinlar, xususan, ozuqa yetishtirib, imkon qadar chorva mollari parvarishlaydi. Muhimi, ular erkin faoliyat yuritishlari lozim. Uni ekasan-buni ekasan degan topshiriqlardan holi boʻlishlari, faqat yiliga bir marta yetishtirgan mahsuloti hisobotini topshirishlari va yer uchun toʻlanadigan soliqni toʻlashlari bilan kifoyalanish kerak.
Shu oʻrinda savol tugʻiladi: koʻpchilik tumanlarda yerlar oxirgi gektargacha fermerlarga berilgan, qanday qilib dehqon xoʻjaligi tashkil qilish mumkin? Koʻpchilik fermerlarda 5-15 gektarlab “yomon” yerlar ham bor. Ular shu “yomon” yerlarini jon-jon deb zaxiraga qaytaradilar.
Kezi kelganda, aholi chorva mollarini nima bilan boqayotganiga nazar tashlasak, bu viloyat va tumanlarda sharoitga qarab har xil. Oʻzbekistonning aksariyat tumanlarida yaylov yoʻq. Odamlar tomorqasida yoki chorbogʻ ichida qurilgan molxonalarda bogʻlab 3-4 bosh mol boqadi. Masalan, Xorazm viloyatida asosiy yem xashak bugʻdoy va sholi somoni, sholi undasi(sholini xorosdan oʻtkazganda chiqadigan chiqit) va tomorqasi borlar joʻxori poyasi berib boqishadi. Beda, makkajoʻxori ekish uchun ularda yer yoʻq. Sheluxa, shrot, kepak arzon emas. Chunki olib sotar “tadbirkorlar” mol yemini birjadan sotib olib, qimmat sotib kelmoqdalar. Qachonki, aholiga arzon yem sotib olishiga sharoit yaratilsa, bu ham goʻsht muammosida ijobiy qadam boʻlar edi. Mahalla, qishloq fuqarolar yigʻinlari har bir xonadonda necha bosh qoramol boqilayotganini hisobga olsalar va ularga yem yetkazib berish vazifasini koʻtarib chiqsalaru bu muammoli masalani yechimi hal qilinsa ham maqsadga muvofiq boʻlar edi.
Klasterlar tomonidan chorva komplekslari quriladi, ular chetdan zotdor mol olib keladilar, ularni boqib semirtirib xalqni goʻsht sut mahsulotlari bilan taʼminlashlarini kutib oʻtirmasdan yuqorida aytib oʻtilgan ishlarni tezroq amalga oshirib turmushga tatbiq qilinsa “goʻsht qimmat” degan muammo hal boʻladi, deb hisoblayman. Yaqinroq yoʻldan yugursak marraga tezroq yetamiz. Bular bizning zaxiramizda saqlanib turgan imkoniyatlarimiz. Shularni ishga tushirsak yaqinroq yoʻlni tanlagan boʻlamiz va elimiz dasturxonini yanada barakali boʻlishiga tezroq erishamiz.
Koʻpal MAVLONOV, nafaqadagi iqtisodchi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring