Global taʻlim forumi: Samarqandda turizm kelajagini shakllantirish boʻyicha taʻlim strategiyasi taqdimoti boʻlib oʻtdi
Samarqand shahrida boʻlib oʻtayotgan Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi toʻrtinchi kunining muhim voqealaridan biri Global taʻlim forumi boʻldi.
Tadbirni Samarqand shahrida boʻlib oʻtayotgan UNWTO Bosh Assambleyasini oʻtkazish boʻyicha Oʻzbekiston hukumati tashkiliy qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, “Ipak yoʻli” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti rektori Aziz Abduhakimov ochib berdi.
“Oʻzbekistonda turizm sohasida taʻlim jadal surʻatlar bilan rivojlanmoqda. Soʻnggi uch yilda ixtisoslashgan oliy taʻlim muassasalari soni 16 tadan 30 taga, talabalar soni esa 4100 nafardan 11500 nafarga koʻpaydi. Ilmiy xodimlar va mutaxassislar soni ham ortib bormoqda, — dedi A. Abduhakimov. — Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018-yilda Samarqand shahrida “Ipak yoʻli” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti tashkil etildi va mamlakatimizdagi yetakchi turizm taʼlim muassasalaridan biriga aylandi. Eng muhimi, Samarqandda UNWTO bilan hamkorlikda Xalqaro Turizm Akademiyasi faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda. Maqsad turizm sohasi rivoji uchun xizmat qiladigan malakali kadrlar sinfini shakllantirishdir”.
Forumning ochilishida nutq soʻzlagan UNWTO Bosh kotibi Zurab Pololikashvili taʻlim turizmi sohasidagi dolzarb muammolar, ularni hal etish yoʻllariga toʻxtalib oʻtdi.
“Forum bugungi kunda turizm taʼlimi sohasidagi dolzarb muammolarga bagʻishlangan, — dedi UNWTO Bosh kotibi Zurab Pololikashvili. — Bugungi kunda taʻlim usullari oʻzgarmoqda. Yangi texnologiyalar, jumladan, sunʻiy intellekt koʻplab imkoniyatlarni ochib beradi, lekin ayni paytda koʻplab muammolarni ham keltirib chiqaradi. Ularni toʻgʻri hal qilish uchun biz biznes va turizmning kelajagi boʻlmish yoshlarni tinglashimiz kerak”.
Forumda turizm sanoati kelajagini shakllantirishda taʻlim dasturlarining strategiyasi va roli, shuningdek, bu boradagi maqsadlar, qarashlar va amalga oshirilgan ishlar haqida maʻlumot berildi. Shuningdek, turizm sohasida hozirgi va kelajak avlodlar uchun innovatsiyalar va taʼlimni ragʻbatlantiruvchi siyosat masalalari muhokama qilindi. Muhokama davomida inklyuziv va barqaror turizmni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, malaka oshirish va ish oʻrinlari yaratish masalalarini hal etish uchun yangi qoidalar, samarali vositalar va global hamkorlik imkoniyatlari oʻrganildi.
“Taʻlim, kelajakka sarmoya kiritish” nomli birinchi asosiy maʻruza taʻlimga sarmoya kiritish bilan bogʻliq imkoniyatlar va muammolarni qamrab oldi. Bunda sohadagi innovatsiyalar bilan hamohanglik, turizm taʻlimiga sarmoya kiritish muhimligi taʻkidlandi.
Ikkinchi asosiy maʻruza “Ertangi kun salohiyatini ishga solish: cheksiz kelajak uchun texnologiyalar, innovatsiyalar va taʻlimni oʻzgartirish” mavzusida boʻldi. Ushbu maʻruza taʻlim va salohiyatni rivojlantirishda soʻnggi texnologiyalar va tendensiyalarni yoritib berdi.
Oʻzbekiston Turizm akademiyasi tomonidan mamlakatimizning turizm taʻlimiga sarmoya kiritishga intilishi va Butunjahon turizm tashkiloti bilan hamkorligi aks ettirilgan maxsus taqdimot kunning muhim voqealaridan biri boʻldi.
Forum yakunida “Ulysses Awards UNWTO” mukofotini topshirish marosimi boʻlib oʻtadi. Mukofotning taʻlim aʻlochisi uchun 16-laureati nomi aniqlanadi. “Ulysses Awards UNWTO” turizm sohasidagi bilimlarni yaratish va targʻib qilishda alohida hissa qoʻshgan shaxslar, tashkilotlar yoki muassasalarga beriladi. U turizm sohasining barqaror rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash uchun innovatsiyalar, tadqiqotlar va tajriba almashishni ragʻbatlantirishga qaratilgan. Mukofot turizm sohasidagi bilimlar bazasi, uning oʻsishi va global miqyosdagi taʻsiriga hissa qoʻshganlarni eʻtirof etish va taqdirlash uchun global platforma boʻlib xizmat qiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring