Gʻijduvonning shirmoy nonlari
Foto: Xalq so‘zi
Yurtimizning qay bir goʻshasiga bormang, “Gʻijduvon kabobi” degan yozuvga koʻzingiz tushadi. U allaqachon brendga aylanib ulgurdi. Gʻijduvonning baligʻiyu tandir somsasi, parvardasi, shoʻrdanagi ham oʻzgacha qadrlanadi. Mahallalarni yayov kezsangiz, kulolchilik, zardoʻzlik, kashtadoʻzlik, patdoʻzlik, boʻyraboflik, pichoqsozlik bilan mashgʻul hunarmandlarga duch kelasiz. Novvoylarni aytmaysizmi?
— Gʻijduvon bozoridagi toʻkinchilikni koʻrib, bahri dilingiz ochiladi, — deydi “Qoʻrgʻon” mahallasida yashovchi 70 yoshli Muhammad ota Fozilov. — Sizga aytsam, qush sutidan boshqa hamma narsa bor. Rahmatli otamning “Qahatchilikdan asrasin”, degan gaplarini tez-tez eslayman. Shukrki, yoshlarimiz qahatchilik balosini koʻrmay yashayapti. Sizga yolgʻon, menga chin, ayrim bolalar “Bobojon, qahatchilik bu nima degani?” deb soʻrashadi. Men shunda ularga urush va undan keyingi ogʻir yillarda odamlar bir burda nonga zor yashaganini, hatto kunjara yeyishga majbur boʻlganini aytib beraman.
Muhammad ota bejizga nondan soʻz ochmadi. U esini tanibdiki, novvoylik qiladi. Tandirda mazasi betakror shirmoy nonlar yopadi. Bu hunar unga otameros. Kechagidek esida, otasi “Oʻgʻlim, novvoylikning barakasi bor. Tong saharda urugʻni ekasanu kechga borib hosilni yigʻishtirib olasan”, derdi.

— Darhaqiqat, choʻgʻday qip- qizil shirmoy nonlarimiz bozorda qoʻlma- qoʻl boʻlib ketadi va hayal oʻtmay roʻzgʻorimizga qut-baraka olib keladi, — deydi otaxon. — Mana bu chiroyli uy – joy, avtomashina, toʻkin dasturxon shu hunar sharofatidan. Shu hunar ortidan toʻy-maʼrakalar qildik. Yurtimiz tinch, turmushimiz farovon. Ming karra shukr.
Ayni paytda oʻgʻlim Xurshid va nevaralarim novvoylik qilishyapti. Ulardan maslahatimni, koʻmagimni ayamayman. Sulolamizning munosib davomchilari borligini koʻrib koʻksim togʻdek boʻladi. Shirmoy nonlarimizni Rossiya, AQSH va hatto Kanadaga tabarruk deb olib ketishganiga guvohman.
Sirasini aytganda, Gʻijduvon novvoylari tandirda oʻndan ziyod turdagi nonu patirlarni yopishadi. Ular orasida shirmoy non alohida ajralib turadi.
— Biz obdan ezilgan noʻxot bilan arpabodiyonni qaynatib, xamirturush tayyorlaymiz, — deydi Xurshid Fozilov. — Bu ota-bobolardan qolgan usul. Bunda bobomizdan meros kichik mis jomdan foydalanamiz. Bunday xamirturush xamirni juda tez yetiltiradi. Nonni xushtaʼm, xushxoʻr qiladi. Shirmoy nonning rangi ham boshqacha boʻladi.
Aytmoqchi, Fozilovlar xonadonidagi tandir boshqalarnikidan ajralib turadi. Hajmi katta. Novvoy uning ichiga bemalol kirib chiqadi. Bu tandirda birvarakayiga 50 - 55 ta shirmoy non yopish mumkin. Xurshid va uning shogirdlari mijozlarga kuniga 350 – 400 tagacha non yetkazib berishmoqda. Dasturxonning koʻrki, shohona neʼmati sanalgan bu nonlar tinch va farovon hayotimizning ramzi, toʻkinchilik timsoli, albatta.

Muhammad ota va uning farzandu nevaralari umrguzaronlik qilayotgan “Qoʻrgʻon” ga kelsak, bu hududda odamlarni bir umr halol mehnatga daʼvat etib, oʻzidan oʻlmas maʼnaviy meros qoldirgan Xoʻjai Jahon, yaʼnikim Xoʻja Abdulxoliq Gʻijduvoniy qadamjosi bor. Qadimiyligi nomidanoq koʻrinib turgan maskan Buxoro viloyat hokimligi va tegishli tashkilotlar saʼy – harakati bilan turizm mahallasiga aylantirilmoqda. Binobarin, kulolu pichoqsoz, zardoʻzu kashtachilar xonadonlari qatorida sayyohlar bu hovliga ham kelib, novvoylarning ajabtovur tandirini, unda non yopish jarayonini koʻrishadi, Muhammad otaning novvoylik haqidagi suhbatlaridan bahramand boʻlishadi.Tandirdan endigina uzilgan xushboʻy shirmoy non taʼminiku, aytmay qoʻya qolaylik.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring