Gʻijduvonda "Oʻzbek tili — mehr tili!" koʻrik-tanlovi oʻtkazildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Har bir millatning oʻz Vatani, oilasi boʻlgani kabi uning jonajon va betakror ona tili ham boʻladi. Shu bois inson uchun uning yurti, ota-onasi, oilasi qanchalik qadrli boʻlsa, uning tili ham shu qadar aziz va muqaddasdir.
Farzand tarbiyasida onaning oʻrni beqiyos boʻlganidek, insonning hayotda oʻz oʻrnini topishida, kamolotga yetishida tilning oʻrni ulkan ahamiyatga ega.
1989-yil 21-oktyabr sanasi millatimiz uchun muhim sanalardan biridir. Oʻttiz toʻrt yil avval Oʻzbekiston Respublikasining "Davlat tili haqida"gi Qonuni qabul qilinib, tilimizga davlat tili maqomi berilgan. Shu munosabat bilan yurtimiz boʻylab qadriyatlar beshigi boʻlgan ona tilimizni ulugʻlashga qaratilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 34 yilligi munosabati bilan joriy yilning 16-oktyabr kuni Gʻijduvondagi Barkamol avlod bolalar maktabida "Oʻzbek tili — mehr tili!" koʻrik-tanlovining tuman bosqichi boʻlib oʻtdi.
Tadbir tuman hokimligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tuman boʻlinmasi, tuman madaniyat va maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlari bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Koʻrik-tanlov ishtirokchilarining ishlari Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Gʻijduvon tuman boʻlinmasi rahbari U. Ergashov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir, yozuvchi S. Daminov, "Sogʻlom avlod" koʻkrak nishoni sohibi, xalq maorifi aʼlochisi, madaniyat fidoyisi bastakor va yozuvchi R. Avezov, professional sozanda va bloger S. Yarashov, tuman hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi A. Yuldashev, Qozogʻiston Respublikasi Dunyo talantlar uyushmasining "Mohir suxandon" koʻkrak nishoni sohibi Sh. Ochilov kabi hakamlar hayʼati aʼzolari tomonidan baholab borildi.
Yakunda14-umumtaʼlim maktabi birinchi, 29-umumtaʼlim maktabi ikkinchi, 24 va 29-umumtaʼlim maktab jamoalari uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Gʻolib jamoalar diplom va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandilar.
Tadbirda Gʻijduvon tuman hokimining oʻrinbosari Sh. Sharipov soʻzga chiqib, tanlovni oʻtkazishdan asosiy maqsad umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan oʻquvchi-yoshlarning ona tiliga oid bilim va koʻnikmalarini oshirish, unga boʻlgan mehr-muhabbatni yanada yuksaltirish, bu orqali yoshlarning maʼnaviy ongini oʻstirish va oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirishga qaratilganini taʼkidladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring