Geografiya fani kerak ... emasmi?

12:09 18 Yanvar 2022 Jamiyat
1190 0

Ijtimoiy tarmoqlar va Internet nashrlarida maktablarda geografiya fani darslari qisqartirilayotgani bilan bogʻliq holatga turli munosabatlar bildirilmoqda. Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan kiritilayotgan bu oʻzgarishni sharhlab oʻtirish shartmas. Qisqa qilib aytganda, oʻzi anchayin qisqa soatlarga moʻljallangan geografiya darslari yana qisqartirilyapti ekan. Kishini oʻylantiradigani shuki, siyosat uchun ham, iqtisodiyot uchun ham, fan uchunu inson dunyoqarashi uchun ham oʻta muhim boʻlgan geografiyadek fan shunchalar qadrsiz, oʻninchimi, oʻn beshinchimi darajali boʻlib qoldimi? Axir insoniyat tamadduni ayni shu borliq haqidagi taʼlim tufayli ravnaq topgan-ku! Jahonning manaman degan davlatlari geograflar sabab boy-badavlat boʻlmaganmi aslida. Ayrim mamlakatlar milliy joʻgʻrofiya jamiyatlarining tarixi, kerak boʻlsa, Fanlar akademiyalaridan ham boyroq Ularda mana shu kurrai zamin aniq-loʻnda oʻrganilib, barcha yoʻnalishdagi xaritasi chizib boʻlingan esa-da, hali-hamon tadqiqotlar toʻxtagani yoʻq.

Ilk dunyoqarash bola tugʻilgan xonadondan, goʻshadan boshlanadi. Oʻsha joylar ham kichik boʻlsa-da, geografik obyekt hisoblanadi. Soʻngra boladagi olam haqidagi bilim va tushuncha bogʻcha hamda maktabda mukammalashadi. Lekin bugun yoshlarimiz, hatto oliy taʼlim talabalari orasida ham, ishoning, qoʻshni davlatlar poytaxtlarini bilmaydiganlar borligiga nima deysiz?! Bu sababi umumtaʼlim dars jadvalida geografiyaning mavqe pasayib ketganligida emasmikan? Har qanday mukammal bilim hamma fanlardan ozmi-koʻpmi bilish orqali shakllanadi. Biologiyani geografiya toʻldiradigan, geografiya haqidagi tushunchani adabiyot boyitadigan holatlar har manbada bor. Ulugʻ mutafakkir ajdodlarimizning qay birini olmaylik, barida geografiya bilan bogʻliqlikni koʻramiz.

Xullas, shunday ajoyib, qiziqarli va kerakli fanni oʻqitish soatlarini imkon qadar qisqartirmaslik kerak. Toki erta bir kun avlodlarimiz jonajon Oʻzbekistonimiz qaysi qitʼada joylashganini ham bilmay turmasin tagʻin.

Ahmadali ShERNAZAROV, “Xalq soʻzi.”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер