Gender tenglik madaniyatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
11-fevral – Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni munosabati bilan Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Gender tenglik madaniyatini rivojlantirish: oilaviy qadriyatlar, taʼlim siyosati va ijtimoiy ong transformatsiyasi” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.
Tadbirni oʻtkazishdan maqsad gender tenglikni taʼminlashning huquqiy, taʼlimiy va ijtimoiy asoslarini ilmiy jihatdan tahlil qilish, oila institutining oʻrnini mustahkamlash, taʼlim tizimida zamonaviy va inklyuziv yondashuvlarni kengaytirish, shuningdek, jamiyat ongida ijobiy transformatsiya jarayonlarini qoʻllab-quvvatlashdan iborat.
Konferensiyada Oliy Majlis Senati aʼzolari, Gender masalalari boʻyicha respublika komissiyasi, BMTning Oʻzbekistondagi vakolatxonalari, xalqaro va milliy tashkilotlar, vazirlik va idoralar, ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari, olimlar hamda mutaxassislar ishtirok etdi.
Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Orzigul Qozixonova hamda qoʻmita aʼzosi Malika Kadirxanova gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning ilm-fan, taʼlim va jamiyat hayotidagi faolligini oshirish, ularni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar mazmun-mohiyatiga toʻxtalib oʻtdi.
Muhokamada mamlakatimizda xotin-qizlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ilmiy va innovatsion faoliyatni ragʻbatlantirish choralari, taʼlim tizimida teng imkoniyatlar muhitini shakllantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbir yakunlari boʻyicha gender tenglik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan ilmiy va amaliy takliflar ishlab chiqildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring