Gaz ballonlaridan toʻgʻri foydalanish oʻzingiz va atrofingizdagilarning xavfsiz hayoti uchun juda muhim
Foto: “Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasi matbuot xizmati
Gaz ballonlari bilan bogʻliq hayot uchun xavf tugʻdiruvchi vaziyatlarning oldini olish hamda sinovdan oʻtkazilmagan gaz ballonlaridan foydalanish orqali yuzaga keladigan oqibatlarni keng ommaga yetkazish maqsadida targʻibot tadbirlari oʻtkazilmoqda.
“Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasi matbuot xizmati tomonidan maʼlum qilinishicha, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, “Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasi, Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Toshkent shahar boshqarmasi tashabbusi bilan “Europe GAS” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga uyushtirilgan press-tur ham shu maqsadda tashkil etildi.
Tadbirda xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan, gaz ballonlarini sinovdan oʻtkazish vakolatiga ega ushbu korxonada transport vositalariga oʻrnatilgan gaz ballonlarini qanday tartibda sinovdan oʻtkazilishi va xavfsizlik koʻrsatkichlari qaysi meʼyorlarga asosan tekshirilishi boʻyicha maʼlumotlar berildi.
Maʼlum qilinishicha, avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari tomonidan gaz ballon bilan jihozlangan avtomobillarga meʼyoridan ortiq gaz toʻldirish kabi qonunbuzarliklar oqibatida oxirgi besh yil mobaynida oʻrnatilgan ballonlarining portlashi bilan bogʻliq 3 ta favqulodda vaziyat sodir boʻlgan. Buning oqibatida 23 ta fuqaro vafot etgan va 20 ta fuqaro ogʻir tan jarohatlari olgan.
Ommaviy axborot vositalari vakillari press-tur doirasida, shuningdek, Toshkent shahridagi “CARAT GAZ-OIL” gaz quyish shoxobchasida ham boʻlib avtotransport vositalariga xizmat koʻrsatish borasida xavfsizlik meʼyorlariga rioya etilish qoidalari bilan ham tanishdi.
Press-turda masʼullar tomonidan haydovchilarga avtomobilni texnik koʻrikdan oʻtkazish jarayonida loqaydliklarning oldini olish, gaz balonlarini belgilangan joylarda oʻz vaqtida sinovlarini amalga oshirish, oʻzining va atrofdagilarning hayotiga xavf tugʻdiradigan vaziyatlarga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan batafsil tushunchalar berildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring