Garri Potterning maʼnaviy onasi Patterson, sobiq prezidentlar va Mishel Obamani ortda qoldirib ketdi
Joan Rouling Forbes versiyasi boʻyicha dunyoda eng koʻp haq oladigan yozuvchilar reytingida yetakchilikni qaytarib oldi. U 2019-yilda 92 mln. dollar daromad olgan.
Uning “Garri Potter va laʼnatlangan bolalar” pyesasi J.Rouling uchun moliyaviy farovonlikning navbatdagi kafolatiga aylandi. “Toni” mukofotining olti karra laureati qalamiga mansub mazkur asar chiptalari unga bir haftada 2,3 mln. dollar keltirdi. Bu Nyu-Yorkdagi Brodvey tarixida musiqasiz sahnalashtirilgan asarlar uchun rekord qiymatdir.
“Bunga yana uning noshiri tomonidan AQSHda sotilgan 2,8 mln. bosma nusxani, shuningdek, shu yoʻnalishdagi parklardan sakkiz xonali summa va tirik qolgan bolakay haqidagi yangi filmni qoʻshing va u yana soliq toʻlashgacha 92 mln. dollar daromadi bilan bizning eng koʻp haq toʻlanadigan reytingimizda yana yetakchilikni qoʻlga oldi”, — deb yozadi Forbes.
Oʻtgan yilgi gʻolib Jeyms Patterson 70 mln. dollarlik daromad bilan ikkinchi oʻrinni egalladi. Uning “Prezident yoʻqolib qoldi” kitobi bu yil 5,5 mln. nusxada sotildi, deb yozadi NPD BookScan.
2018-yilda Patterson Bill Klinton bilan hammualiflikda yozgan kitobi yoshi kattalar orasida bestsellerga aylangandi. Ayni chogʻda u Amerikadagi eng boy yozuvchi maqomini saqlab turibdi. Uning boyligi 800 mln. dollar deya baholanyapti.
AQSHning sobiq birinchi xonimi Mishel Obama esa 36 mln. dollarlik daromad bilan joriy yilda uchinchi oʻrindan joy oldi. U va uning turmush oʻrtogʻi, Oq uyning sobiq rahbari Barak Obama 2017-yilda ikkita kitob uchun 65 mln. boʻnak olishgan.
Barak Obamaning kitobi hali chop etilmadi(mish-mishlarga koʻra u 2020-yil boʻlib oʻtadigan prezident saylovlari paytida chiqarilishi mumkin), ammo Mishel Obamaning avtobiografiyasi muvaffaqiyati uning noshiri Penguin Random House avans sifatida bergan xarajatni toʻla oqlashini isbotlaydi.
Uning “Becoming. Mening tarixim” memuarlari 2018-yil tugashiga ikki oy qolgan boʻlsa-da turli formatlarda 10 mln. nusxadan ortiq sotilgan va bestsellerga aylangandi. Obama, shuningdek, oʻnta shaharga uyushtirgan turlari uchun sotilgan chiptalaridan ham moʻmay pul ishlab oldi. U stadionlarda yozuvchi sifatida emas, rok-yulduz sifatida chiqish qilgani koʻpchilikning eʼtiborini tortdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring