“Gʻam-tashvishlar ancha aridi”, — deydi sardobalik ayollar

23:18 22 May 2020 Jamiyat
1047 0

Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanidagi suv omborida yuzaga kelgan ofat natijasida turarjoylaridan ayrilgan 196 nafar xotin-qizlar va bolalar Andijon viloyatining Xonobod shahridagi sihatgohga olib kelinganligi haqida xabar bergan edik. Mehmonlarning shahar boʻylab sayohati ularda katta taassurot qoldirdi. Jumladan, Xontogʻ adirliklarida barpo etilgan 1000 ta dala hovlidan iborat majmua, “Fozilomon ota” ziyoratgohidagi asr bilan boʻylashgan chinorlaru, shifobaxsh suv, “Xon tex” ishlab chiqarish korxonasidagi mehnat sharoitlari, shahardagi ozoda-saranjomlik ularga manzur boʻldi.

— Xonobod shahrini bejizga sayyohlik markazi, deb atashmas ekan,-deydi sardobalik Salomatxon Murodova. — Koʻchalardagi saranjomlik, aholi yashash uchun yaratilgan sharoitlar eʼtiborimizni tortdi. Bizning Sardobada ham shunday ishlab chiqarish korxonalari ishga tushirilsa bajonidil mehnat qilgan boʻlardik. Adirlik ustidagi dala hovlilarni koʻrib koʻzimiz quvnadi. Andijonlik bunyodkorlar tomonidan biz uchun qurilayotgan uy-joylar undan ham koʻrkam va barcha qulayliklarga ega boʻlishini eshitib, quvonchimizga sigʻmayapmiz. Bir soʻz bilan aytganda, bu yerga kelib gʻam-tashvishlarimiz ancha aridi.
 

Mehmonlar shuningdek, aholi xonadonlarida boʻlishib, ularning turmush sharoiti bilan tanishdilar. Har bir qarich yerdan unumli foydalanayotgan, uyda oʻtirib daromad topayotgan, xususan, kasanachilik, hunarmandchilik ortidan roʻzgʻorini butlab kelayotgan oila sohiblari oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar.

Xotin-qizlar shahar boʻylab sayohat uyushtirgan bir paytda bolajonlar kunduzgi bolalar dam olish oromgohiga jalb etildilar.

Saminjon HUSANOV,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер