Fuqaroning keksaligidan foydalanib bank kartasi maʼlumotlarini qoʻlga kiritgan firibgar qoʻlga olindi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahrida yashovchi 69 yoshli S.G. murojaat qilib, oʻziga tegishli boʻlgan bank kartasidan 9.000.000 soʻm pullarini “nomaʼlum shaxs” tomonidan yechib olganligini maʼlum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Taxtakoʻpir tumanida yashovchi 29 yoshli A.J. sodir etganligi aniqlangan.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan A.J., fuqaro S.G.ni Nukus shahridagi dehqon bozorida joylashgan bankomatdan pul yechmoqchi boʻlganida unga yordam qilib yuborishini bildirib bank kartasi boshqaruvini oʻzining telefon raqamiga ulab olish yoʻli bilan amalga oshirganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, A.J.ning sodir etilib fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligi yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring