Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish sohasi takomillashtirilmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida koʻrib chiqilgan navbatdagi hujjat — “Davlat xizmatlarini koʻrsatishda byurokratik toʻsiqlar yanada qisqartirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi boʻldi.
Qonun tashabbuskorlarining aytishicha, ushbu qonun loyihasi orqali yuqorida taʼkidlangan muammolarni bartaraf etish masalasi turibdi. Unga koʻra, 1 ta kodeks va 2 ta qonunga oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Hozirgi vaqtda fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali qayd qilinayotgani hamda arxiv maʼlumotlari mazkur elektron tizimda saqlanayotgani sababli dalolatnoma yozuvlarini faqat 1 nusxada rasmiylashtirish imkoniyati mavjud. Oila kodeksining 201-moddasiga koʻra, dalolatnomalar 2 nusxada yozilishi belgilangani bois ushbu moddaga oʻzgartirish kiritilmoqda.
Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish sohasining takomillashtirilishiga, pensiya tizimida hisobga qoʻyishning soddalashtirilishiga hamda sudlanganlik holati mavjud emasligi yoki mavjudligini tasdiqlovchi hujjatning Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan talab qilinmasligi holatlarini belgilashga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring