Fuqarolar murojaatlari asosiy eʼtiborda

20:17 16 Aprel 2026 Jamiyat
131 0

Fuqarolardan kelib tushayotgan har bir murojaatni oʻrganish va unga eʼtibor qaratish Sirdaryolik deputatlar faoliyatining asosiy mezoni hisoblanadi. Masalan, ekinlarni sugʻorish boʻyicha murojaatlar koʻpayganidan bildikki, daryo va kanallarimizda suv kamayishi tomorqa xoʻjaligini yuritishga salbiy taʼsirini koʻrsata boshladi. Buni dastlab Xovos tumanining chekka “Oʻzbekiston toʻkinchiligi” mahallasidagi saylovchilar bilan uchrashuvda anglab yetdim. Mahalladagi 63 gektar tomorqa suv yoʻqligi tufayli qarovsiz boʻlib qolgan. U 4357 kishilik aholi uchun qoʻshimcha daromad manbai hisoblanadi. Masalani chuqur oʻrgansak, viloyatimizda mana shunday holatdagi mahallalar soni 44 taligi maʼlum boʻldi.

Ushbu muammoni hal qilishda Prezidentimizning 2024-yil 23-sentyabrdagi “Kambagʻallikdan-farovonlik sari” dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qarori asos boʻldi. Mazkur hujjatga binoan deputatlarimiz tomonidan aniqlangan oqar suv taʼminotisiz mahallalarga sessiya qarori bilan 56,1 mlrd soʻm ajratildi. 17 ta nasos agregati oʻrnatildi, 30,3 km lotok-ariq tarmoqlari qurildi hamda 18,6 km tuproq oʻzanli kanallar betonlashtirildi.

Viloyat aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etishini nazarda tutib, ularni barkamol qilib tarbiyalash, kelajakda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashish ham diqqat markaziga olindi. Guliston tumani “Doʻstlik” mahallasidagi saylovchilar bilan uchrashuvda yoshlar mahallada “IT-markaz” tashkil qilish istagini bildirdi, deputatlarning tashabbusi bilan “IT-markaz” qurishga 5 mlrd. soʻm mablagʻ ajratildi. Shuningdek, viloyatdagi umumtaʼlim maktablari kutubxonalarini oʻzbek milliy va jahon adabiyotining sara namunalari bilan boyitish uchun 125 nomdagi 25 ming dona kitob xarid qilish masalasi ham hal boʻldi.

Alohida taʼkidlash kerakki, mahalliy Kengash sessiyalarida joylarda aholi tomonidan koʻtarilgan masalalarni hal qilish uchun mahalliy byudjetning orttirib bajarilgan qismidan mablagʻ ajratish keskin koʻpaydi. Masalan, bu borada 2025-yil birinchi choragida ushbu maqsadlarga 57 mlrd soʻm , joriy yil esa ushbu muddatda 112,3 mlrd soʻm ajratildi hamda 22 mlrd soʻm hisobiga 38.6 km yoʻl taʼmirlandi. Shuningdek 15 km ichimlik suv tarmoqlari tortilib, 2 600 kishidan iborat aholi toza ichimlik suvi bilan taʼminlandi.

Deputatlar tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrosiga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2025-yil 6-martdagi “Sirdaryo viloyatida ishbilarmonlik muhiti, infratuzilma va aholi turmush darajasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 47 ta maktab, 45 ta maktabgacha taʼlim muassasasi, 38 ta sogʻliqni saqlash obyektlari foydalanishga topshirilishi lozim edi. Ammo deputatlarimizning joylardagi oʻrganishlari shuni koʻrsatdiki, aksariyat MTT va sogʻliqni saqlash muassasalari foydalanishga topshirilmagan. Shu bois sessiya qarori bilan “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 6, 24, 256-moddalariga muvofiq viloyat hokimining oʻrinbosari A.Xidirovga “Kengash soʻrovi” yuborildi, ijro qatʼiy nazoratga qoʻyildi.

Saylovchilar dardini, ularning oʻy-fikrlarini yaqindan bilishda mahalla “yettiligi” bilan hamkorlik oʻz samarasini bermoqda, har oyning oxirgi oʻn kunligida aholi bilan uchrashuvlar tashkil qilinmoqda. Vakolat davrimiz boshlangandan, yaʼni, oʻtgan 1,5-yil mobaynida oʻtkazilgan 1578 ta uchrashuvda saylovchilarimizdan 2103 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning 256 tasi viloyat darajasida, 1844 tasi tuman va shahar darajasida hal etiladigan muammolar ekani aniqlandi. Joriy yil fevral oyidagi uchrashuvlardagi murojaatlarda bildirilgan masalalarning 44 tasi viloyat darajasida hal qilindi.

Murojaatlarda bildirilgan va bevosita joylardagi oʻrganishlarimizda aniqlangan masalalarni hal qilishda vakolatimiz doirasidagi “Deputat soʻrovi” institutining oʻrni katta. Xususan, joriy yil boshidan beri rahbarlarga 447 ta soʻrov yuborilgan boʻlib, ularning 184 tasi, yaʼni 41,1% foizi ijobiy hal qilindi. Afsuski, soʻrovlarning 4 % foiziga 10 kunlik muddatdan kechikib javob berildi. Bu masala mahalliy Kengashlarimizning aprel oyidagi sessiyalari muhokamasiga kiritiladi.

Yana bir jihat shuki, hozirgi kunda oʻz deputatlik faoliyati bilan barchaga oʻrnak boʻla oladigan xalq vakillarini ragʻbatlantirish va tajribalarini ommalashtirish uchun raqamli platformani ishga tushirganmiz, yarim yil yakunlari boʻyicha sarhisob qilishni rejalashtirganmiz.

Maʼlumki, Prezidentimiz Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida: “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi. Aynan mahalladagi yoʻl, suv, elektr va transport taʼminoti, bogʻcha, maktab va oilaviy poliklinikadagi shart-sharoitlarga qarab, odamlar islohotlarimizga baho beradi”, deb taʼkidladi. Bugungi kunda Sirdaryo viloyatidagi viloyat, tuman va shahar Kengashlarining jami 270 nafar deputati oʻz ish rejalari, dasturlarini yuqoridagi talab asosida tuzgan. Oʻtgan birinchi chorak yakuni shuni koʻrsatmoqdaki, deputatlarimiz haqiqiy “xalq ovozi” boʻlish uchun astoydil va izchil faoliyat yuritmoqda.

Abdushokir Abdurahmonov,

Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati

Kengashi kotibiyati mudiri,

viloyat Kengashi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер