Fuqarolar murojaatlari – amaliy yechimlar markazida
Qashqadaryo viloyatida Oliy Majlis Senatiga fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarni joyida oʻrganish, ularni tezkor va samarali hal etish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasida doimiy asosda ishlovchi senator Zumrad Bekatova hamda xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashi raisi Ismigul Xushmurodova boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Mirishkor, Dehqonobod va boshqa tumanlarda fuqarolar bilan ochiq muloqotlar, targʻibot tadbirlari hamda amaliy oʻrganishlar tashkil etildi.
Ushbu tadbirlar davomida tadbirkorlikni rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani yaxshilash, tibbiyot muassasalarini taʼmirlash va rekonstruksiya qilish, shuningdek, huquqiy masalalar boʻyicha fuqarolar tomonidan bildirilgan murojaatlar atroflicha koʻrib chiqildi. Murojaatlarning asosiy qismi joyida hal etildi, qolganlari boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Jumladan, Kasbi tumanida tibbiyot birlashmasiga qarashli oilaviy shifokorlik punkti binosini mukammal taʼmirlash uchun 2 mlrd 200 mln soʻm mablagʻ ajratilgani maʼlum qilindi. Shuningdek, Dehqonobod tumani “Oqrabot” mahallasidagi murojaat joyiga chiqib oʻrganilib, masala yakuniy tasdiqlash bosqichiga yetkazildi. Koson tumani fuqarosi Roʻzimurod Obloyevning murojaati yuzasidan esa huquqiy tushuntirishlar berilib, amaliy yordam koʻrsatildi.
Shu bilan birga, takroriy murojaatlar alohida tahlil qilinib, ularning kelib chiqish sabablari chuqur oʻrganildi hamda bartaraf etish boʻyicha aniq mexanizmlar ishlab chiqildi. Fuqarolar murojaatlari bilan ishlashda shaffoflik, tezkorlik va ochiqlik tamoyillariga qatʼiy rioya etilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring