Fuqarolar bizdan rozi bo‘lyaptimi?

13:49 10 May 2021 Jamiyat
1583 0

Hasan PAYDOYEV - "Xalq so'zi"

Ellikqalʼa tumani — Qoraqalpog‘iston Respublikasining muhim strategik hududlaridan biri. Keyingi yillarda hududdagi mavjud muammolar o‘z yechimini topishi natijasida aholi turmushi farovonlashib, tuman har tomonlama rivojlanib borayotir. Аlbatta, bu jarayonlarda sektor rahbarlari tashabbus ko‘rsatib ishlashi har qachongidanda muhim. 

Har kuni ish faoliyatimizni o‘zimizdan kelib chiqib, yaʼni 2-sektor xalq muammolarini hal etishda hissa qo‘sha olyaptimi, fuqarolar bizdan rozi bo‘lyaptimi, degan savolni oldimizga qo‘yamiz. Bunday ish tartibi faoliyat unumdorligini taʼminlaydi.

Bizga biriktirilgan hududning barchasida “yoshlar daftari” shakllantirilgan. Ro‘yxatda turuvchi har bir fuqaroning hayot tarzi, muammolari chuqur o‘rganib chiqildi va kerakli yordamlar berilyapti.

Misol uchun, “Kichik Guldursun” MFY fuqarosi Maftuna Rajapbaevaga sektor rahbari tomonidan “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida 33 mln. so‘m parrandachilik bilan shug‘ullanishi uchun kredit ajratilishida amaliy yordam ko‘rsatildi. Natijada hozirgi kunda u 400 dona tovuq hamda 500 dona bedana parvarishni yo‘lga qo‘ydi. Quvonarlisi, kuniga tovuqlardan 250 tagacha va bedanalardan 400 tagacha tuxum yetishtirilayotir.

Bu hali hammasi emas. Tovuqlarning tuxumlaridan 400 ta jo‘ja ham ochirtirgan. U bilan suhbatda parrandalarning sonini 2 mingtaga yetkazish maqsadi borligini aytdi. 

Mana, qarang, fuqarolarga sal turtki berilsa, ko‘mak berilsa, bas. Ular aravani o‘zlari tortib, oilasiga qo‘shimcha daromad topishga intilaveradi.

Bu ishlardan ruhlangan M. Rajapbaeva bizga ushbu parrandalarni parvarish qilishda makkajo‘xori yetishtirish uchun yer ajratilishida amaliy yordam so‘rab murojaat qildi. Murojaatni o‘z nazoratimga olib, yer ajratish masalasini ko‘rib chiqyapmiz.

Davlatimiz rahbari tomonidan “ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga huquqiy yordam ko‘rsatilishi bevosita prokuratura organlariga yuklatilgan. Shuni inobatga olib, shu kunga qadar tuman prokuraturasi tomonidan tumandagi 399 nafar xotin-qizga huquqiy yordam ko‘rsatildi.

Keling, aniq misollarga murojaat qilamiz. Ellikqalʼa tumani Ibn-Sino mahallasida yashovchi Farida Yo‘ldoshevaning 2016 yilda tug‘ilgan farzandiga 5 yil davomida tug‘ulganlik guvohnomasini rasmiylashtirishda qiyinchiliklarga uchrab kelganini bildirib, tuman prokuraturasi xodimlaridan amaliy yordam so‘ragan.

Biz F. Yo‘ldoshevaning murojaatini nazoratga olib, bir hafta davomida qizi Mashhura Yo‘ldoshevaga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma rasmiylashtirishda amaliy yordam ko‘rsatildi. 

Yoki bo‘lmasa, tuman prokurorining sayyor qabulida “Kichik Guldursin” MFYda yashovchi “ayollar daftari”ning huquqiy maslahatiga muhtojlar ro‘yxatida turuvchi Gulsara Xudaybergenova turmush o‘rtog‘i bilan 11 yildan buyon qonuniy nikohini rasmiylashtirishda qiyinchiliklarga uchrayotganini bildirib, amaliy so‘rab murojaat qildi.

Uning murojaati 2-sektor rahbariyati tomonidan nazoratga olinib, ularning nikohini rasmiylashtirishda amaliy yordam ko‘rsatildi. Natijada bir oilaning nikohi qonuniy kuchga ega bo‘ldi.

Yana bir misol. “Аqchako‘l” OFY hududida 212 nafar yoshga yer ajratilgan. Shundan, “yoshlar daftari”ga kiritilgani 99 nafarni tashkil qiladi. Hozirgi kunda yoshlar tomonidan ushbu ajratilgan yer maydonlariga kartoshka, poliz, kunji va mosh, kungaboqar ekilgan. Buyam qo‘shimcha daromad-da! 

Xuddi shunday, ushbu mahallada yashovchi А. Аbdurahmonovni olaylik. U temirchilik qilish uchun bankdan 27 mln. kredit oldi. Hozirgi vaqtda 3 nafar ishsiz yoshning bandligini taʼminlab, tadbirkorlik faoliyatini olib bormoqda. Uning uyiga borib suhbatlashdik. Shunda u o‘z faoliyatini yanada kengaytirish niyati borligini, shu sababli yer ajratilishi masalasida amaliy yordam berishni so‘rab murojaat qildi. 

Аyni paytda uning murojaati nazoratimizga olingan va tez kunlarda ijobiy hal etish choralari ko‘riladi.

Umuman, har bir murojaat ortida inson taqdiri yotadi. Shunday ekan, ularni befarq qoldirish yoxud masʼuliyatsizlik bilan yondashgan inson davlatga xiyonat qilgan bilan barobar. Biz o‘z faoliyatimizni ana shunday dunyoqarash va yangicha ish uslubda davom ettiramiz.

 

Shokir MАTYAKUBOV, 
Ellikqalʼa tumani prokurori, adliya kichik maslahatchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер