Fransiya elchisi Oreliya Bushezga “Xalq taʼlimi fidoyisi” koʻkrak nishoni topshirildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining yana bir xalqaro hamkori — Fransiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Oreliya Bushezga ham bugun “Xalq taʼlimi fidoyisi” koʻkrak nishoni topshirildi.
Taqdirlash marosimida ishtirok etgan vazir Hilola Umarova elchi Oreliya Bushezga Oʻzbekistonda maktab taʼlimini rivojlantirish yoʻlidagi samarali hamkorligi uchun minnatdorlik bildirdi.
Tadbirda qayd etilganidek, Fransiya elchixonasi tomonidan Oʻzbekistondagi taʼlim tizimini rivojlantirish, jumladan fransuz tilini oʻqitishni rivojlantirish, oʻqituvchilarning malakasini oshirish, maktablardagi kutubxonalarni adabiyotlar bilan boyitish boʻyicha qator muhim ishlar qilindi.
Shuningdek, Fransiya elchixonasi bilan hamkorlikda 17 nafar fransuz tili oʻqituvchisi Oʻzbekistonga xorijiy oʻqituvchilarni jalb qilish loyihasi doirasida jalb qilingan. Joriy yilning iyul oyida oʻzbekistonlik 10 nafar oʻqituvchi elchixona koʻmagida Fransiyada malaka oshirib kelishgan.
Maʼlumot uchun: hozirgi kunda mamlakatimizdagi 705 ta maktabda 1268 ta fransuz tili oʻqituvchisi faoliyat yuritmoqda, 150 mingdan ortiq oʻquvchilar fransuz tilini chet tili sifatida oʻrganmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring