Frankfurtdan Toshkentga navbatdagi charter reys tashkil etildi

20:38 28 Avgust 2020 Jamiyat
889 0

Bugun Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan Yevropa davlatlarida vaqtincha boʻlib turgan va COVID-19 tufayli yurtimizga qaytib ketolmagan vatandoshlarimizni Oʻzbekistonga qaytarish maqsadida Toshkent – Frankfurt-Mayn – Toshkent yoʻnalishida navbatdagi charter reys tashkil etildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi samolyoti bortida Germaniya, Shvetsiya, Shveysariya, Chexiya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya, Norvegiya va Belgiya davlatlaridan 172 nafar yoʻlovchi, jumladan, oʻzbekistonlik talabalar, sayyoh sifatida kelganlar, qarindoshlarining uylarida vaqtincha boʻlib turgan hamyurtlarimiz, shuningdek, yurtimizdagi turli ishlab chiqarish korxonalarining xorijiy mutaxassislari joy oldi.

Aytish joiz, bundan avval Frankfurt-Mayn – Toshkent yoʻnalishida 370 nafar hamyurtimiz maxsus reysda Oʻzbekistonga olib kelingan edi.

– Avvalo xalqimizni kirib kelayotgan yurtimiz Mustaqilligimizning 29 yillik bayrami bilan samimiy tabriklayman, —dedi vatandosh Nuriddin Umirov. —Hukumatimiz tomondan xorijda mehnat qilayotgan va taʼlim olayotgan biz yoshlarga qaratilayotgan eʼtibordan juda xursandmiz.

Germaniyadagi taʼtildan unumli foydalangan holda bugungi maxsus reys bilan Vatanga yoʻl oldik. Ushbu charter reysni tashkil qilgan barcha tashkilotchilarga oʻz minnatdorligimni bildiraman. Nasib qilsa Vatanga, ota-onamiz bagʻriga sogʻ-salomat yetib olib, bayramni munosib nishonlaymiz. Oʻzbekistonda Germaniya “sariq zona” hududga kiritilganini inobatga olib karantin vaqtini ham oʻz uyimizda oʻtkazishmiz haqidagi xabar bizni yana-da quvontirmoqda.

— Birinchi navbatda ushbu charter reysni tashkil etgani uchun hukumatimizga minnatdorlik bildiraman, — dedi hamyurtimiz Ismoil Joʻrayev. —Men qatori Yevropaning koʻpgina davlatlarida qolib ketgan yurtdoshlarimiz uchun Vatanga qaytishga imkoniyat yaratib berishdi. Bugungi pandemiya paytida mazkur ishlar davlatimiz tomondan hamyurtlarimizga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtiboridan dalolatdir.

Fursatdan foydalanib yurtdoshlarimizni jonajon Oʻzbekistonimiz Mustaqilligining 29 yilligi bilan tabriklayman. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo boʻlsin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер