Forishda yangi kasb-hunar maktabi ish boshladi
Forish tumani markazi Yangiqishloq shaharchasidagi maishiy xizmat koʻrsatish kasb-hunar kolleji negizida yangi kasb-hunar maktabi oʻz ish faoliyatini boshladi. Ayni vaqtda mazkur maktabga 5 ta yoʻnalish boʻyicha 196 nafar 9-sinf bitiruvchilariga oʻqishga qabul qilingan.
— Prezidentimizning 2019-yil 6-sentyabrdagi “Professional taʼlim tizimini yana-da takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga koʻra, boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim muassasalariga Xalqaro tasniflagich boʻyicha asosiy taʼlim dasturlaridan tashqari quyi darajadagi taʼlim dasturlari boʻyicha kadrlar tayyorlash huquqi berilgan edi, — deydi Forish tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Jahongir Jiyanov. — Yangi tashkil etilayotgan kasb-hunar maktablari mavjud tizimga mos ravishda shakllantirildi va 9-sinfni bitiruvchilar hisobidan ikki yillik umumtaʼlim va mutaxassislik fanlarining integratsiyalashgan dasturlari asosida kunduzgi taʼlim shaklida amalga oshiriladi.
Kasb-hunar maktabida ixtisoslik fanlari Forish tumani tabiati, iqlimi, aholining yashash sharoitlari hisobga olingan holda tashkil etilgan. Oʻquvchilar maktabda ikki yil davomida oʻrmonchilik, koʻkalamzorlashtirish laboranti, qishloq xoʻjalik texnikalarini taʼmirlash chilangari, tikuvchilik, oʻsimliklar himoyasi laboranti va avtomobillarni yurish qismiga xizmat koʻrsatuvchi chilangar kabi yoʻnalishlarda tahsil olishadi.
Shuningdek, yangi kasb-hunar maktabida oʻquv zallari, sinfxonalar, kompyuter sinflari, laboratoriya xonalari zamonaviy va innovatsion usulda qurilgan va taʼmirlangan. Tuman markazidan uzoqroqdan keluvchi oʻquvchilar uchun yotoqxona, oshxona, axborot resurs markazi va sport zal faoliyat koʻrsatmoqda.
Tolibjon ERGASHEV,
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring