Forishda kovul plantatsiyasi yaratilmoqda
Foto: Халқ сўзи
Kovulchilik – serdaromad va istiqbolli tarmoq. Uni yoʻlga qoʻyish u qadar katta kuch va koʻp mablagʻ talab qilmaydi. Urugʻidan yoki issiqxonada yetishtirilgan koʻchatdan koʻpaytirilganda mazkur oʻsimlik 15 yilgacha yashab, bir donasi bir mavsumda 3 kilogrammgacha hosil beradi.
— Sovuqqa va qurgʻoqchilikka chidamli, oziq-ovqat va farmatsevtika sanoatida keng ishlatiladigan, eksportbop bu oʻsimlikni yetishtirish va koʻpaytirish uchun Forish tumani “Nurak” mahallasiga tutash lalmi adirlikdan qoʻshimcha 500 gektar yer maydonida kovul plantatsiyasi yaratyapmiz, — deydi tadbirkor Bobomurod Xidirov. — Hozir ekayotgan urugʻlarimiz uch yilda hosilga kiradi va gektaridan 20 tonnagacha hosil yigʻishtirib olamiz. Shuningdek, oʻsimlikni mahalliylashtirish, urugʻchilikni yoʻlga qoʻyish ustida ham ishlar olib boryapmiz.
Tadbirkor oʻtgan yili Turkiya va Yevropa davlatlariga 348 ming AQSH dollari miqdorida kovul tugunchalari eksport qilgan edi, joriy yilda uning miqdorini 500 ming dollarga yetkazmoqchi.
Tolibjon ERGASHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring