“Foodshring” loyihasining navoiycha talqini
“Foodshring” iqtisodiyoti ravnaq topgan Yevropa davlatlarida anchagina ommalashgan. Bunda doʻkondorlar qadoqlashda nuqsonga ega va yaroqlilik muddati tugashga yaqinlashgan oziq-ovqat mahsulotlarini aholiga bepul tarqatishadi. Shu orqali aholiga saxovat koʻrsatish barobarida mahsulotning odamlarga nafi tegishini taʼminlaydilar.
Navoiyda mazkur tutumni takomillashtirgan holda shahardagi 10 yirik savdo majmuasi, “Saxovat” bozori masʼuliyati cheklangan jamiyati savdo nuqtalari hamda shahardagi mavjud 31 ta mahalla fuqarolar yigʻinidagi bittadan savdo doʻkonlarida “Saxovat va koʻmak burchagi” tashkil etildi. Farqi shundaki, mazkur aksiyada doʻkondorlardan tashqari oddiy fuqaro, yaʼni isteʼmolchi ham ishtirok etishi mumkin. Shu bois u “imkoniyatingiz boʻlsa qoʻying, zaruriyat boʻlsa oling” shiori bilan tashkil etilgan. Xullas, ushbu burchaklarga saxovatpesha inson oziq-ovqat mahsulotlarini taqdim etishi, zarurati bor kishilar esa ulardan ehtiyojlariga yarasha bepul olishlari mumkin.
Kezi kelganda taʼkidlash joiz, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan shaharning Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi qoshidagi “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi homiylardan kelib tushgan mablagʻlarni koronavirus pandemiyasi va karantin davrida ijtimoiy himoyaga muhtoj, koʻp farzandli oilalarga, nogironligi boʻlgan shaxslarga va yolgʻiz qariyalarga, oʻz daromadini yoʻqotgan vaqtincha ishsiz boʻlgan jismoniy shaxslarga yordam berishga yoʻnaltirmoqda. Shu kunga qadar mahallalar kesimida 1181 ta kambagʻal oila aniqlanib, ularga ixtiyoriy yordam berish tashabbusi bilan chiqqan saxovatpesha tadbirkorlar biriktirildi. Shuningdek, shaharda ishsiz qolgan hamda ehtiyojmand aholining aniq roʻyxatlari shakllantirilib, shu asosda “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasidagi ishlar manzilli olib borilmoqda.
Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring