Firibgarlik maqsadida ochilgan “onlayn doʻkon” egasiga jinoyat ishi qoʻzgʻatildi
Toshkent shahar Chilonzor tumanida yashovchi 35 yoshli (ayol) Q.M. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan 1.600.000 soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari nomaʼlum shaxs tomonidan firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirilganligini maʼlum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Andijon viloyati, Baliqchi tumanida yashovchi 24 yoshli O.A. sodir etganligi aniqlandi.
Unga koʻra, O.A. jabrlanuvchi (ayol) Q.M. bilan “Telegram” messenjeridagi “Xoʻjalik buyumlari” nomli guruhda tanishib, unga xoʻjalikda foydalanish buyumlarini arzon narxda qilib berishini, shuningdek, yetkazib berish xizmati ham mavjudligini aytib aldab, oʻzining foydalanuvidagi bank kartasiga 1.600.000 soʻm miqdoridagi pullarini oldindan oʻtkazib olgandan soʻng yozishmalarni oʻchirib yuborib, akkauntini “qora roʻyxat”ga kiritib qoʻygan va buyurtma qilgan koʻylagi ham yetkazib berilmagan.
Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “b,g” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, O.A.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b,g” bandlaridagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring