Fin oʻqituvchisi Zarafshondagi maktabda dars beradi
Illyustrativ foto
Prezident tomonidan 2020-yil 30-oktyabr kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishda Finlyandiya maktablaridagi oʻqitish metodika va oʻquv dasturlarini oʻrganish va respublikamizda taʼlim tizimini isloh qilishda ularning tajribasidan ijodiy foydalanish, lozim boʻlsa mutaxassislarni jalb etish boʻyicha koʻrsatmalar berilgan edi.
Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Navoiy viloyati hokimi Respublikamiz Tashqi ishlar vazirligi masʼullari koʻmagida 2020-yilning 12-dekabrida Finlyandiyaning Lappeyenranta shahri maʼmuriyati bilan muloqot oʻtkazib, uning samarasi oʻlaroq kelishuv memorandumi imzolangan edi.
Kelishuv memorandumiga koʻra, Lappeyenranta hamda Navoiy viloyatining Zarafshon shaharlari oʻrtasida birodarlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilib, u fan va taʼlim sohalarida oʻzaro hamkorlikni ham oʻz ichiga olgan edi. Ushbu kelishuvni roʻyobga chiqarish maqsadida Zarafshon shahri hokimi A. Rajabov Lappeyenranta shahri maʼmuriyati bilan(Respublika TIV masʼullari koʻmagida) onlayn muloqot oʻtkazdi.
Muloqotda Zarafshon shahri hokimi mamlakatimiz xalq taʼlimi tizimini chuqur isloh qilish boʻyicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotganligi, xususan, taʼlim sifatini oshirish, oʻqituvchi-ustozlar nufuzini koʻtarish maqsadida barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishga alohida eʼtibor qaratilayotganligiga atroflicha toʻxtaldi.
Mazkur muloqot samarasi oʻlaroq Lappeyenranta shahriga borib oʻqishi koʻzda tutilgan oʻquvchilarga fin tilini oʻrgatish hamda Zarafshon shahrida taʼlim tizimini isloh qilish va tajriba almashish maqsadida mutaxassis jalb etishga kelishildi. (Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, 12-dekabr kelishuv memorandumida Lappeyenranta shahri maʼmuriyati tashabbusi bilan Navoiy viloyatidan 2 nafar litsey oʻquvchisi grant va 8 nafar oʻquvchi qisman grant asosida Lappeyenranta shahrida oʻqitilishi koʻzda tutilgan.)
Taʼkidlash joiz, mazkur muloqot va kelishuv memorandumlari kimningdir nazdida navbatdagi tadbirdek tuyulishi mumkin. Biroq shu kabi muloqot va kelishuvlar tufayli Zarafshonda Yaponiyaning nufuzli “Beeanz Inc.» kompaniyasi bilan hamkorlikda IT akademiyasi tashkil etilib, oʻquvchilarga yaponiyalik malakali oʻqituvchilar onlayn (masofaviy) taʼlim berishayotganligini inobatga olsak, shubhalarga oʻrin yoʻqligi oydinlashadi. Demak, Zarafshondagi taʼlim muassasalaridan birida yaqin kunlarda “Tervetuloa!»(xush kelibsiz!) finlyandiyalik ustoz, degan soʻzlar yangrab qolsa ajab emas.
Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring