Fidokorona mehnatlar eʼtirofi
Foto: «Халқ сўзи»
Prezidentimizning oʻtgan yil dekabr oyidagi Farmoniga muvofiq, fan va texnika, adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohalarining bir guruh vakillari mamlakatimiz ilm-fani, adabiyoti va sanʼatini rivojlantirishga qoʻshgan salmoqli hissasi, jamiyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnik va maʼnaviy-maʼrifiy hayotida alohida eʼtiborga sazovor boʻlgan, xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan fundamental tadqiqotlari, zamon talablariga javob beradigan yuksak, mazmunan dolzarb ijodiy ishlari uchun Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan edi.
Poytaxtimizda ushbu yuksak mukofotlar oʻz egalariga topshirildi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, inson qadri ustuvor yurtda mehnatlar, fidoyilik, albatta, oʻz eʼtirofini topadi. Xalqning eʼzoziga, davlatning eʼtiboriga sazovor boʻladi.
Yangilanayotgan Oʻzbekistonda iqtisodiyot, taʼlim, ilm-fan, adabiyot, sanʼat va meʼmorlik sohalari zamon andozalariga mos rivojlanmoqda. Bu borada oʻz iqtidori, fidoyiligi, vatanparvarligi, jonkuyarligi bilan boshqalarga oʻrnak boʻlayotgan yurtdoshlarimizga alohida ehtirom koʻrsatilmoqda. Mazkur Davlat mukofoti buning yana bir hayotiy isbotidir.
— “Jaloliddin Mirtojiyev Davlat mukofotiga munosib koʻrildi” degan xushxabarni eshitib, toʻgʻrisi, yigʻlab yuborgandim, — deydi haykaltaroshning turmush oʻrtogʻi Naziya Mirtojiyeva. — Bugun ushbu yuksak mukofotni qoʻlga olar ekanman, oʻsha tuygʻu, hayajon, quvonch qalbimni yana toʻlqinlantirib yubordi. Turmush oʻrtogʻimning suvratiyu siyrati, ijod mashaqqatlari koʻz oldimda jonlandi. Qani endi ijodkor hayot boʻlsayu mana shu eʼzozni, hurmat-ehtiromni oʻzi koʻrsa, mehnatlari rohatini oʻzi totsa! Afsus, taqdir bizning qoʻlimizda emas. Jaloliddin Mirtojiyev oʻzidan katta meros qoldirdi. U yaratgan asarlar — ulugʻ ajdodlarimiz haykallari mamlakatimizning turli shaharlarida, hatto jahonning ulkan megapolislarida savlat toʻkib turibdi. Ijodkor dunyodan oʻtgan boʻlsa ham ruhan biz bilan doim birga, qalbimizda barhayot. Bu insonning xalqimiz ardogʻida ekanidan faxrlanamiz, xursand boʻlamiz.
Davlat mukofotlarini topshirish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi O. Abdurahmonov ishtirok etdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring