Fidoyilik — asosiy mezon

00:19 02 Oktyabr 2023 Jamiyat
644 0

Sportchilarimizning xalqaro musobaqalarda gʻoliblikni qoʻlga kiritib, shohsupaga koʻtarilishi, Vatanimiz madhiyasi yangrab, bayrogʻimizning baland hilpirashi yurtdoshlarimiz koʻnglini har safar faxr-iftixorga limmo-lim etadi. Dunyo Oʻzbekistonni taniydi, millatimiz oʻgʻlonining matonati, mahorati va mustahkam irodasiga tan beradi.

Albatta, bu yutuqlarga Yurtboshimiz tomonidan keyingi yillarda sohaga qaratilgan eʼtibor, tizimli harakatlar tufayli erishilmoqda. Jumladan, sport murabbiylariga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik, yaratilayotgan sharoitlar ruhimizni koʻtaryapti.

Bu haqda gap ketganda, Olimpiya oʻyinlarining gʻoliblari boʻlgan sportchilar bilan birga ularning shohsupaga chiqishi uchun jon kuydirgan, birgalashib ter toʻkkan murabbiylarning ham pul mukofotlari bilan taqdirlanayotganini alohida eʼtirof etish joiz. Masalan, Yaponiya poytaxti Tokio shahrida boʻlib oʻtgan XXXII yozgi Olimpiada chempionlarining murabbiylari 40 ming AQSH dollaridan, bronza medal sohiblarining ustozlari 20 ming AQSH dollaridan mukofotlandi. Bunday eʼtibor murabbiylarga ruhiy quvvat, gʻayrat-shijoat baxsh etarkan, ayni chogʻda, katta masʼuliyat ham yuklaydi.

Prezidentimiz XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan sportchi va murabbiylar bilan uchrashuvda: “Xorijdan legionerlar emas, yetuk mutaxassislarni va sportchilarni tayyorlash metodikasini olib kelish kerak”, degani bejiz emas. Bugun dunyo miqyosida koʻrib turibmiz. Mamlakat terma jamoasiga xorijdan legionerlar jalb qilish tobora kengayib bormoqda. Davlatimiz rahbari esa oʻzimizning alpkelbat oʻgʻlonlarimizni, barchinoy qizlarimizni mahoratli sportchi qilib tarbiyalash, sinovlarda toblash, iqtidorini namoyon etish vazifasini qoʻymoqda. Buyuk ajdodlarga munosib avlod boʻlish talabini yuklayapti.

Bunday ulugʻ maqsadlarga sport boʻyicha taʼlim sifatini yaxshilash, zamonaviy metodika va amaliyotlarni joriy etish, iqtidorli sportchilarni saralash va tarbiyalash yoʻlida fidoyilik koʻrsatish orqali yetish mumkin. Biz bu yoʻlda bor iqtidor va salohiyatimizni ayamaymiz.

Toʻymurod ADIZOV,

Navoiy viloyati olimpiya va paralimpiya markazi murabbiysi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер