Federatsiya “ishonch telefoni”ga ishonsa boʻladimi?
Illyustrativ foto
Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi “ishonch telefoni” 10 91 raqamiga Samarqand viloyati Urgut tumanida istiqomat qiluvchi A. Karimova murojaat qildi.
Isteʼmolchi viloyatning Urgut tumani dehqon bozorida sunʼiy tuxumlar sotilayotgani boʻyicha shikoyat qildi.
Murojaat belgilangan tartibda roʻyxatga olinib, tegishliligi boʻyicha Samarqand viloyatiga va undan Urgut tuman jamiyatiga oʻrganish uchun yuborildi.
Federatsiya xodimlari odatga koʻra, har bir arizaga oʻta eʼtiborli boʻlib, belgilangan muddat ichida koʻrib chiqishga, ijobiy hal qilishga oʻrganishgan. Bu safar ham odatdagi jarayon ketayotgandi. Maxsus ishchi guruh voqea joyiga chiqib, vaziyatni oʻrgana boshlaganda, kutilmagan holat yuz berdi.
Barchasiga guvoh boʻlgan arizachi A. Karimova aslida sunʼiy tuxumlar boʻlmagani, u shunchaki Federatsiya ishini tekshirmoqchi boʻlganini maʼlum qildi.
Fuqaro Karimova bilan murojaatchi madaniyati borasida suhbat oʻtkazildi va sohaga oid qonunlar tanishtirib oʻtildi. Shundan soʻng, isteʼmolchi boshqa bu kabi holat takrorlanmasligi borasida vaʼda berdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring