Favqulodda vaziyatlarning oldini olishga tayyormizmi?
Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona, Andijon, Namangan viloyatlarida “Favqulodda vaziyatlarda davlat tizimi boshqaruvi organlari, aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli vaziyatlarda muhofaza qilish boʻyicha hamkorlikdagi harakatlar” mavzusida qoʻmondonlik shtab oʻquv mashqi oʻtkazildi. Bundan maqsad, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda tez va oʻrinli qaror qabul qilish, toʻgʻri harakat qilish, himoyalanishni oʻrgatishdan iborat.

— Uch kunlik tadbirda Andijon viloyatidagi 15 ta obyektlarda maxsus oʻquv mashqlari va 15 ta koʻchirish tadbirlari boʻlib oʻtdi, — deydi viloyat favqulodda vaziyatlar boʻlimi axborot xizmatining rahbari Hayotbek Rahimov. — Rejaga binoan favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda aholini koʻchirish koʻnikmasini shakllantirish maqsadida 5506 nafar fuqarolarni xavfsiz hududlarga koʻchirish amaliyoti bajarildi. Mashgʻulotlarga 3061 nafar shaxsiy tarkib vakillari, 449 ta maxsus texnika vositalari jalb etildi. Ishtirokchilar 38 ta topshiriqqa asosan kutilmagan hodisalar jarayonida jismoniy, jangovar tayyorgarligi yuzasidan bilim va koʻnikmalarini namoyish etdi.

Tadbirda ishtirokchilarning favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etishga qanchalik tayyor ekani sinovdan oʻtkazildi. Kamchilik va muammolar yechimini taʼminlash chora-tadbirlari koʻrilib, faol ishtirokchilar tajribasini ommalashtirish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring