Fatvo markazi Ramazon oyi nega baʼzida 29 kun davom etishini tushuntirdi
Illyustrativ foto
Joriy yil 20-mart sanasi Ramazon hayiti sifatida nishonlanishi eʼlon qilindi. Shunga koʻra Ramazon oyi bu gal 29 kun davom etdi. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ushbu muborak oy nima uchun baʼzida 30 kun davom etmasligini tushuntirdi.
Bildirilishicha, hijriy-qamariy taqvim Oyning falakdagi harakatiga asoslanadi. Yaʼni yangi hilol koʻringan kunning ertasi yangi oyning birinchi kuni hisoblanadi. Qamariy oylar 29 yoki 30 kun davom etgani sababli, bir yil 354 yoki 355 kundan iborat boʻladi. Bu esa milodiy yildan 10-11 kun kam demakdir.
Milodiy oylarning kunlari (fevraldan tashqari) oʻzgarmas boʻlsa (masalan, mart doim 31 kun), hijriy oylarning davomiyligi bevosita tabiiy hodisa – yangi oyning koʻrinishiga bogʻliq. Shu bois muborak Ramazon oyi ham gohida 29, gohida 30 kun boʻlishi tabiiy holdir.
“Nabiy sallallohu alayhi vasallam Madinai munavvarada toʻqqiz yil Ramazon roʻzasini tutganlar. Manbalar va hadislarga koʻra, ushbu yillarning aksariyatida roʻza 29 kun, ozrogʻida esa 30 kun boʻlgan”, deyiladi markaz xabarida.
Taʼkidlanishicha, Ramazon oyi roʻzasi 29 kun yoki 30 kun boʻlishidan qatʼi nazar, u toʻliq va mukammal bir oylik ibodat hisoblanadi. Bu oyning 29 kun kelishi uning ajr-mukofotini kamaytirmaydi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring