Farzandlarimiz tarbiyasiga nima boʻldi?

12:11 27 Noyabr 2020 Jamiyat
1551 0

Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir.

Abdulla Avloniy

​Oxirgi paytlarda taʼlim-tarbiya mavzusida koʻplab fikrlar bildirilayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz. Ayniqsa, televideniye va internet tarmoqlaridagi chiqishlarning son-sanogʻi yoʻq. Qayerga qaramaylik hamma joyda bir muammoga duch kelyapmiz — farzandlarimiz betarbiya boʻlib ketishdi! Oldin shoʻxlik deb qaralgan yoki tushunilgan jihatlar, ming afsuslar boʻlsinki, bugunning bolasi xulqida chivinchalik ham emas. Bunga yana bir misolni bu joyda koʻring.

​Pirotexnika, aniqrogʻi faqat portlaydigan turi yana koʻchalarimizda odamlarimiz tinchini buzishni boshlabdi. Yana oʻsha, bir vaqtlar asosan kichik bolalarda “urf”ga aylangan bezorilik kuchayib, hatto chaqaloq koʻtargan ayollar va keksalar ham bu balodan oʻz “nasibalari”ni olishni boshlashibdi. ​Xoʻsh nega bir vaqtlar bunga qarshi qattiq kurashdik va nega bu narsa yana qaytarilmoqda? Axir “yaxshi otga bir qamchi, yomon otga ming qamchi” kabi tushunchalari bor xalq emasmizmi? Nazorat susayib ketdimi? Albatta, yana kimlardir javobgar boʻlib, yana kimlarnidir qamash kerakmi? Nega shu kabi, koʻrinishidan juda kichik illat boʻlgan, lekin odamlarimizning asabini buzadigan oddiy masalalar qancha vaqt oʻtishiga qaramasdan oʻz yechimini topa olmayapti?

Fikrimizcha sababi oddiy! U ham boʻlsa tarbiya, tarbiya va yana tarbiya... lekin shu oʻrinda bir savol tugʻiladi. Aytaylik koʻchada bizga qarata shunday “portlaydigan oʻq” otgan bezorilarni birini ushlab oldik, keyin nima qilsak toʻgʻri boʻladi? Yoʻq, albatta, yuqoridagi munozarada qatnashayotgan bir ishtirokchi kabi ushlanganni “bir joyiga”yaxshilab kelishtirish ham mumkindir ehtimol... Lekin shu yechim boʻladimi? Oʻzi umuman shu kabi “kichik” muammoli masalalarga qisqa va eng muhimi taʼsirli yechim mexanizmlarini izlab topish vaqti kelmadimi?!?

​Dunyo mamlakatlari tajribasida juda yaxshi taʼsir qiladigan “tarbiya”lash mexanizmlaridan yana biri, bu albatta jarima solish yoʻlidir. Koʻr-koʻrona yoki shunchaki nomigagina emas, aynan taʼsir qiladigan, jamiyatning bir aʼzosi qoʻlga tushib jarimani toʻlaganda boshqa mingtasi taʼsirlanadigan jarima haqida aytmoqchimiz albatta...​

Eng achinarlisi, buni bahs munozara qilayotgan hamyurtlarimiz bildirayotgan fikrlardan ham tushunib olsak boʻladi, albatta. "Bu yerda davlat idoralari roli qanday va umuman bu narsalar bir vaqtlar qattiq taʼqib qilingandi-ku, nega endi toʻxtab qoldi? Bojxona idorasi qayerga qarayapti? Soliqchilar, ichki ishlar xodimlari qayerda qoldi?" kabi qarashlarning borligidir...

Kishilarimiz bozorlarda yoki savdo rastalarida bu narsalar ochiq-oydin sotilayotganligi va vaqti kelsa huquq-tartibot idoralarimiz xodimlarining bu masalani koʻrib-koʻrmaslikka olishlarini qattiq qoralamoqdalar.

Davlatga, uning masʼul xodimlariga boʻlgan ishonch shu kabi mayda illatlar sabab yana ham susaymoqda! Umid qilamizki, bundan tezroq xulosa chiqarish va zarur chora tadbirlar koʻrish,davlat va jamiyat tinchligi yoʻlida qilishimiz kerak boʻlgan zarur ishlardan biri boʻlib qoladi...

Adham Fattaxov,
iqtisod fanlari doktori, professor,
Mahmudjon Azimjon oʻgʻli,
magistr, “Global Outreach Inc.” (AQSH)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер