Fargʻonaning ikki qishlogʻi FAOning MuNe — Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi muzeyiga kiritildi

13:43 25 Mart 2026 Iqtisodiyot
430 0

Fargʻona viloyatidagi Novkent va Yuksalish qishloqlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) bosh qarorgohi (Rim shahrida) tomonidan amalga oshirilayotgan qishloqlarni tan olish tashabbusi doirasida xalqaro eʼtirofga sazovor boʻlib, FAO Bosh direktori tomonidan sertifikatlar bilan taqdirlandi.

Mazkur eʼtirof qishloqlarda barqaror rivojlanish, tabiiy meros va biologik xilma-xillikni asrash, shuningdek innovatsion yondashuvlar asosida mahalliy oziq-ovqat tizimlarini rivojlantirish borasida erishilgan natijalarni aks ettiradi. Natijada ushbu qishloqlar FAOning Rim shahridagi bosh qarorgohi huzurida faoliyat yurituvchi MuNe — Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi muzeyi va tarmogʻiga kiritildi.

MuNe platformasi eʼtirof etilgan qishloqlarni xalqaro miqyosda targʻib qilish, shuningdek mamlakatlar oʻrtasida bilim va tajriba almashinuvini rivojlantirishga xizmat qiladi.

“Qishlogʻimizning xalqaro darajada eʼtirof etilishi biz uchun katta sharafdir. Bu aholimizning anʼanalarni asrab-avaylash, tabiiy resurslarni muhofaza qilish va barqaror daromad manbalarini rivojlantirish borasidagi umumiy saʼy-harakatlarini aks ettiradi,” — deydi Novkent MFY raisi Asqarali Azizov.

Shu bilan birga, FAO Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda “Kelajak avlod uchun aqlli qishloq xoʻjaligi” loyihasi doirasida innovatsion yechimlarni joriy etish orqali qishloq hududlarini rivojlantirishni davom ettirmoqda.

Vodiyga tashrif doirasida Fargʻona vodiysidagi issiqxonachi tomorqa yer egalari uchun zamonaviy meva quritish uskunalari topshirildi. Uskunalarning 13 tasi Namangan viloyatiga, 10 tasi Andijon viloyatiga va 7 tasi Fargʻona viloyatiga berildi.

Mazkur uskunalar mahsulotlarni uzoq muddat saqlash, qayta ishlash va qadoqlash imkoniyatlarini kengaytirib, fermerlar daromadini oshirishga, hosil yoʻqotilishini kamaytirishga hamda bozorlarga chiqish imkoniyatlarini yaxshilashga xizmat qiladi.

“FAO bizni bir necha yillardan buyon qoʻllab-quvvatlab kelmoqda, jumladan issiqxona tashkil etishda yordam berdi. Bu ishlab chiqarish samaradorligini sezilarli darajada oshirdi. Olingan daromadlardan farzandlarimizni oliygohlarda oʻqityapmiz. Endi esa meva quritish uskunasi orqali mahsulotlarimizni qayta ishlab, qoʻshimcha daromad olish imkoniyatiga ega boʻldik,” — deydi Namangan viloyatidan loyiha ishtirokchisi Gulchehraxon Mahmudova.

Mazkur tashabbuslar FAOning Oʻzbekistonda innovatsiyalarni ilgari surish, mahalliy hamjamiyatlarni qoʻllab-quvvatlash hamda barqaror qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tizimlarini rivojlantirish borasidagi izchil saʼy-harakatlarini aks ettiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер