Fargʻonalik sanʼatkorlar Koreyada oʻtkazilayotgan xalqaro madaniyat haftaligida faol ishtirok etishmoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
Koreyaning Chxunchxonnam provinsiyasi hokimligi taklifi bilan Fargʻona viloyati Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshligʻi Ziyodbek Yunusov boshchiligidagi viloyat sanʼatkorlari delegatsiyasi “Chxunchxonnam provinsiyasi Xalqaro madaniyat haftaligi – 2023” tadbirida qatnashyapti.
Shu yilning 7-14-noyabr kunlari boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan madaniy tadbirda Oʻzbekistondan tashqari, qoʻshni Qozogʻiston, Xitoy va Mongoliya davlatlaridan ham sanʼat vakillari taklif etilgan.

— Madaniyat haftaligining ochilish marosimida har bir mamlakat delegatsiyasi rahbari soʻzga chiqib, ushbu anjuman qardosh xalqlarning milliy va madaniy salohiyatini namoyish etishda muhim ahamiyatga ega ekanligini eʼtirof etishdi, — deydi delegatsiya tarkibida Koreyada boʻlib turgan jurnalist Sharofiddin Hakimov. — Oʻz navbatida bu kabi tadbirlar doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlash uchun qulay imkoniyatdir. Shuningdek, madaniyat va sanʼat bayrami Koreyada tahsil olayotgan va ishlayotgan hamyurtlar uchun munosib tuhfa boʻldi.
Haftalik doirasida Asan shahrida joylashgan universitet talabalari uchun (ularning orasida oʻzbekistonlik yigit-qizlar ham bor) tashkil etilgan konsert dasturi ham yuqori kayfiyatda oʻtkazildi. Bayram tadbirida Fargʻona viloyati sanʼatkorlari tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi ham barchaga birdek manzur boʻldi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring