Fargʻonalik rassomlarning anʼanaviy bahorgi koʻrgazmasi tashkil etildi
Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi Fargʻona viloyati boʻlimi koʻrgazmalar zalida fargʻonalik rassomlarning “Uygʻonish” deb nomlangan koʻrgazmasi oʻz faoliyatini boshladi.
Shu munosabat bilan boʻlib oʻtgan tantanali tadbirda uyushma rahbariyati va aʼzolari, taniqli rassomlar, oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchilari va talabalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Taʼkidlanganidek, yangilanish va yosharish fasli boʻlgan bahor moʻyqalam sohiblari uchun ayni ilhom manbai hisoblanadi. Shu bois koʻrgazmaga qoʻyilgan tasviriy sanʼat asarlarida ham koʻklam tarovati, Navroʻz bayramiga xos udumlar, yurtimizning betakror va goʻzal tabiat manzaralari, sodda va samimiy insonlar qiyofasi aks etganini yaqqol koʻrish mumkin.

Koʻrgazmada Muhammadjon Joʻraboyev, Otabek Shokirov, Gʻiyos Boltayev, Gulchehra Ahmadaliyeva, Furqat Qoʻchqorov, Axat Azamjonov, Alisher Hamidov va Gennadiy Bogdanov kabi fargʻonalik tajribali rassomlarning eng sara asarlari joy olgan.
— Har yili bahor faslida ana shunday koʻrgazmani tashkil etish va bir oy mobaynida sanʼat ixlosmandlarini xushnud etish yaxshi anʼanaga aylangan, — deydi Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi aʼzosi, mashhur rassom Otabek Shokirov. — Bevosita oʻzim ham ushbu tadbirga jiddiy hozirlik koʻrib, Fargʻonaning dilbar va malohatli tabiati, samimiy, mehnatkash hamyurtlar turmush tarzi hamda orzu-maqsadlarini aks ettirishga harakat qilaman. Bu galgi koʻrgazmaga ham soʻnggi yillarda chizilgan eng yaxshi asarlarimni taqdim etdim.
Aytish joiz, joriy yilgi koʻrgazma ham bir oy mobaynida toʻliq namoyish etiladi va tashrif buyuruvchilarga manzur boʻladi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring