Fargʻonalik oʻqituvchilar Janubiy Koreyada boʻlib, hamkasblari bilan oʻzaro tajriba almashmoqdalar
Maʼlumki, keyingi yillarda Fargʻona viloyati Janubiy Koreya bilan tadbirkorlik, qurilish, oliy va umumiy oʻrta taʼlim singari koʻplab yoʻnalishlarda istiqbolli hamkorlik aloqalarini jadal rivojlantirmoqda.
Xususan, taʼlim tizimining turli yoʻnalishida oʻzaro tajriba almashish, oʻqituvchilar malakasini oshirish va taʼlim sifatini yangi bosqichga olib chiqish borasida erishilayotgan natijalar eʼtiborga molik.
Ayni kunlarda Fargʻona viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Sherzod Dolimov boshchiligidagi delegatsiya Janubiy Koreyada safarda boʻlib turibdi. Safar rejasi keng qamrovli boʻlib, bir qator taʼlim muassasalari faoliyatini oʻrganish, koreyalik hamkasblar bilan yuzma-yuz muloqotlar olib borish koʻzda tutilgan.

Kuni kecha viloyat delegatsiyasi aʼzolari Koreyaning nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan biri — Jungbu universitetida uchrashuvlar oʻtkazdi. Muloqotlar davomida universitetda talabalar uchun yaratilgan zamonaviy taʼlim muhiti, oʻquv jarayonini tashkil etish tizimi hamda innovatsion yondashuvlar bilan yaqindan tanishildi.
Uchrashuv yakunida Fargʻona viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi, Fargʻona shahridagi Koreya xalqaro universiteti hamda Janubiy Koreyadagi Jungbu universiteti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Unda taʼlim sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, muntazam ravishda oʻzaro tajriba almashish hamda birgalikda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, ushbu universitetdagi samimiy suhbat chogʻida maktabgacha taʼlim tashkilotlari rahbarlarining malakasini oshirish, ularni zamonaviy boshqaruv va taʼlim metodikalariga oʻrgatish masalalari yuzasidan ham muzokaralar olib borildi.
—Bugungi kunda xalqaro hamkorlik doirasida jahonning eng ilgʻor va samarali, shu bilan birga milliy andozalarga uygʻun boʻlgan tajribalaridan unumli foydalanishga harakat qilinmoqda,—deydi Fargʻona viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Odiljon Jalolov.—Xususan, Yaponiya va Janubiy Koreya tajribasidan foydalanishga qaratilgan amaliy saʼy-harakatlar aynan ana shu kabi jihatlari bilan ham ahamiyatlidir.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring