Fargʻonalik OAV vakillari ishtirokida Qirgʻizistonda press-tur tashkil etildi

17:15 26 Dekabr 2023 Jamiyat
483 0

Foto: "Xalq soʻzi"

Fargʻona viloyati Turizm boshqarmasi tashabbusi bilan OAV vakillari ishtirokida “Fargʻona–Botken” yoʻnalishi boʻylab press-tur tashkil etildi.

Sayohat davomida jurnalistlar qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasining Botken viloyatida joylashgan turistik obyektlar bilan yaqindan tanishdilar.

Botken viloyati Qirgʻizistonning janubi-gʻarbiy qismida joylashgan boʻlib, 1999-yilning 12-oktyabr sanasida Oʻsh viloyati tarkibidan Botken, Qadamjoy, Laylak tumanlari va Qizilqiya, Sulukta shaharlari ajralib alohida viloyat boʻlib tashkil topgan. Viloyat janubi-gʻarbiy va shimoli-gʻarbida Tojikiston, shimolda Oʻzbekiston, sharqda Oʻsh viloyati bilan chegaradosh hisoblanadi. Viloyat hududida boshqa davlatlarga tegishli bir qancha anklavlar mavjud.

Dastlabki tashrif manzili Batken viloyati togʻlari orasida joylashgan sirli Kani Gut gʻori boʻldi. Gʻorning oʻz davrida yirik davlat boʻlgan Qoʻqon xonligi bilan bogʻliq jihatlari ham bor. Maʼlumotlarga qaraganda, gʻordan oxirgi 500-yil davomida turli maʼdanlar qazib olingan. Ayni paytda ushbu manzilni viloyatning sayyohlik marshrutlari roʻyxatiga kiritish boʻyicha izchil saʼy-harakatlar olib borilmoqda.

— Botkenning ekoturistik manzillari roʻyxatiga kiritilgan soʻlim va salobatli togʻlarga maroqli sayohat ham unutilmas taassurotlar qoldirdi, — deydi jurnalist Gulnoza Toʻxtasinova. — Ayniqsa, mis qazilmalarni eritadigan qadimiy oʻchoqlar, dinozavrning tosh haykali hamkasblarimizga juda ham manzur boʻldi.

Toʻrtkoʻl koʻlining betakror manzarasi, koʻm-koʻk koʻl, bepoyon adirlar hamda goʻzal tabiat har qanday sayyohni oʻziga mahliyo etadi.

Taʼkidlash joiz, Fargʻona va Botken viloyati hokimligi oʻrtasidagi hamkorlik kelishuviga koʻra, soʻngi yillarda barcha sohalarda keng koʻlamli doʻstona munosabatlar jadal rivojlanmoqda.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер