Fargʻonalik “Yil ayoli” milliy tanlovi gʻoliblari endi omadini respublika bosqichida sinab koʻrishadi
Foto: “Xalq soʻzi”
“Yil ayoli” milliy tanlovining viloyat bosqichida faol qatnashgan va gʻolib boʻlgan ishtirokchilar munosib taqdirlandi.

Toshkent axborot texnologiyalari instituti Fargʻona filialida boʻlib oʻtgan tadbirda 19 ta shahar-tuman bosqichlarida qariyb ming nafar qatnashchilar oʻrtasida gʻolib boʻlgan 156 nafar iqtidorli ayol oʻzaro bahs olish borishdi.

— Bu tanlov jamiyatimizda xotin-qizlar faolligini oshirish va ularni munosib ragʻbatlantirish maqsadida tashkil etib kelinmoqda,—deydi Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari – viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi Komila Kavlonova. —Bugun ham hakamlar hayʼati va ekspertlar xulosalari asosida “Yilning eng vatanparvar ayoli”, “Yilning eng faol olima ayoli”, “Yilning eng ilgʻor tadbirkor ayoli”, “Yilning eng jonkuyar ustozi”, “Yilning eng yaxshi uy bekasi”, “Yilning eng sogʻlom turmush targʻibotchisi” kabi 11 ta nominatsiya boʻyicha eng kuchlilar saralab olindi. Shu tariqa gʻoliblar endi tanlovning respublika bosqichida viloyatimiz sharafini himoya qilishadi.

Taʼkidlash oʻrinli, tanlov nizomiga koʻra yakuniy bosqichda oliy oʻrinni egallagan ishtirokchi Prezident sovgʻasi — avtomobil bilan taqdirlanadi. Shuningdek, faxrli birinchi, ikkinchi va uchinchi oʻrin sohiblari ham pul mukofotlari beriladi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring