Fargʻonadagi Ekoshaharda yangi bogʻ barpo etildi
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Prezidentimiz Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida viloyat markazida bunyod etilgan zamonaviy shaharchada boʻlib, qurilish, bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
“Yangi Oʻzbekiston” turar-joy massivi 65 ming aholi yashashi uchun moʻljallangan. Massiv hududida 70 gektar hududda “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi tashkil etildi. Ekoshahardagi yangi amfiteatrda bogʻning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat rahbarining Fargʻona ahliga yoʻllagan tabrigini oʻqib eshittirdi.

— Tabrikda bogʻ hududida joylashgan Oʻzbekiston Qahramoni Lolaxon Murotova nomidagi qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan kasb-hunar maktabida munosib vorislar tarbiyalanishiga ishonch bildirilgani quvontirdi, — deydi Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xoʻjaligi rahbari Nurillo Neʼmatov. — Bu borada fermer xoʻjaligimiz kasb-hunar maktabi bilan hamkorlikka tayyor.
Oʻzbek estradasi yulduzlari ishtirokidagi katta konsert dasturi, muhtasham va soʻlim xiyobonlar boʻylab sayr, bolajonlarning shodon kulgilari qalblarga surur bagʻishladi.

— Bogʻ hududidagi 4 ming tomoshabinga moʻljallangan amfiteatr Fargʻona vodiysi sanʼatkorlari uchun mahorat maktabiga aylanadi, — deydi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Abdulhay Karimov. — Bugun muazzam sahnada turib qoʻshiq kuylash asnosida tinch-osoyishta yurtga shodiyonalar yarashadi.
Bogʻ sayli butun Ekoshahar boʻylab davom etib, Fargʻona osmoni anvoyi mushaklar yogʻdusiga toʻldi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring