Fargʻonadagi dorixonalarda reyd tadbirlari oʻtkazilmoqda
Foto: Xalq so‘zi
Ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda keyingi kunlarda Hindistonda ishlab chiqarilgan “Dok-1 MAKS” dori vositasi yurtimizda bolalarning umriga zomin boʻlgani haqida koʻp yozildi. Bu mavzu jiddiy muhokamalarga sabab boʻldi. Sogʻliqni saqlash vazirligi buyrugʻi asosida “Quramax” dori vositalarining savdosi taqiqlandi.

Fargʻona viloyatining chekka tumanlaridan biri boʻlgan Yozyovonda OAV vakillari hamda Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi mutaxassislari ishtirokida reyd tadbirlari oʻtkazildi. Tadbir davomida «Tohirbek shifo farm», “Shahboz-2001” xususiy korxonalari, “Sarvar” xususiy dori-darmon firmasiga qarashli dorixonalar faoliyati oʻrganildi.
Maʼlum boʻlishicha, dorixonalarda savdosi toʻxtatilgan dori vositalarining roʻyxati isteʼmolchilar koʻzi tushadigan joyga ilib qoʻyilgan hamda doʻkon peshtaxtalaridan yigʻishtirib olingan.
— Haqiqatan ham, taqiqlangangunga qadar ushbu dori vositalari sotuvda mavjud edi, — deydi “Shahboz-2001” xususiy korxonasi sotuvchisi Rahmatillo Nurmatov. — Yurtimizning turli hududlarida bu dorilarning bolalar hayotiga zomin boʻlganini eshitib, darhol sotuvi toʻxtatildi va tegishli joyga topshirildi. Qolaversa, tumanimizda faoliyat koʻrsatayotgan barcha dorixonalar bu dori vositalarining sotuvi vaqtida toʻxtatilgani sababli Yozyovonda zaharlanish bilan bogʻliq holat kuzatilmadi.
Ayni paytda viloyatdagi barcha dorixonalar faoliyatini oʻrganish boʻyicha monitoringlar davom etmoqda.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring