Fargʻonada yapon tibbiyot shaharchasi bunyod etiladi

18:29 15 Avgust 2023 Jamiyat
962 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Fargʻona shahrida barpo etilayotgan Ekoshahar hududida 1 gektar maydonda zamonaviy yapon tibbiyot va sogʻlomlashtirish shaharchasi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

Shu kunlarda loyihani amalga oshirishga kirishayotgan Yaponiyaning “NAGAI Clinic” kompaniyasi rahbari Koji Nagai boshchiligidagi delegatsiya viloyatda boʻlib, Fargʻona viloyati hokimligi masʼullari bilan yuzma-yuz muloqotlar oʻtkazishdi.

Aytish joiz, 11 ta yoʻnalishdagi klinika, 2 ta dorixona, 20 ta sogʻlomlashtirish muassasasi, massaj, fitnes kabi qator sport-sogʻlomlashtirish markazlari hamda tibbiy taʼlim va sogʻlom turmush tarzini oʻqitish boʻyicha oʻquv markazini oʻz ichiga olgan ushbu shaharchaning dastlabki loyiha qiymati 8,72 million dollarni tashkil etadi. Loyiha toʻliq Yaponiya kompaniyalari investitsiyasi hisobiga amalga oshiriladi.

Shuningdek, Fargʻona viloyati hokimligida boʻlib oʻtgan uchrashuvda shaharcha hududida Yaponiyaning goʻzallik va salomatlik uchun mahsulotlar savdosida yetakchi boʻlgan “DAISO” brendi supermarketini joylashtirish boʻyicha ham muzokaralar soʻnggi pallaga kirgani taʼkidlandi.

Foto: “Xalq soʻzi”

— Uchrashuvda viloyati hokimligi va “NAGAI Clinic” kompaniyasi oʻrtasida ushbu loyihani amalga oshirish boʻyicha hamkorlik memorandumi imzolandi, — deydi Fargʻona viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Abduqayum Toʻxtaqulov. — Oʻz navbatida “NAGAI Clinic” kompaniyasi rahbari Koji Nagaiga kompaniyani Fargʻona viloyatida xorijiy korxona sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma ham topshirildi.

Tibbiyot va sogʻlomlashtirish shaharchasi Yaponiyaning “Micado Development” kompaniyasi tomonidan “Ekoshahar” da 3 gektar maydonda barpo etishga kirishilgan qiymati 15 million dollarlik “Shogun city” yapon bogʻi, mehmonxona, restoranlar majmuasi bilan uygʻunlik kasb etishi koʻzda tutilgan.

Uchrashuvda joriy yilning noyabr oyida tashkil etilishi belgilangan “Fargʻona – Yaponiya” biznes forumini oʻtkazish bilan bogʻliq tashkiliy masalalar boʻyicha ham oʻzaro fikr almashildi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер