Fargʻonada test sinovlari qanday oʻtmoqda?

10:20 02 Sentyabr 2020 Jamiyat
2676 0

Shu yilning 2 sentabr kuni Fargʻona viloyatining Fargʻona, Margʻilon va Qoʻqon shaharlari hamda Soʻx tumanida joylashgan 6 ta stadionlarda test sinovlari boshlandi.

Viloyat hokimligi koʻmagi bilan hududlar kesimida 300 ta avtobus ajratilib, viloyat IIB, transport boshqarmasi, shahar-tumanlar hokimliklari hamkorligida ishlab chiqilgan reja-jadval asosida abituriyentlar oʻz vaqtida imtihonlar oʻtkaziladigan stadionlarga yetkazildi. Test sinovlari yakuniga yetgach, barcha abituriyentlar yana oʻz manzillariga eltib qoʻyiladi.

Taʼkidlash joizki, abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida test sinovlarida qatnashish uchun ularning yashash manzillariga yaqin hududlar tanlandi. Shu tariqa Qoʻqon tumani hududlari uchun Qoʻqon shahridagi markaziy stadion, Fargʻona hududi boʻyicha esa Fargʻona va Margʻilon shaharlarida joylashgan stadionlar biriktirildi.

— Belgilangan reja asosida viloyatimizda har kuni 7 ming 170 nafar abituriyentlar imtihon topshirishi uchun barcha sharoitlar muhayyo etildi, — deydi Davlat test markazi Fargʻona viloyati boʻlimi boshligʻi Ismoilxon Shokirov. – Test sinovlarining ilk kuni karantin tartib-qoidalari asosida tashkil etilib, abituriyentlar niqob, ruchka, 0,5 hajmli salqinlantiruvchi ichimlik bilan taʼminlandi.

Shuningdek, imtihon jarayonida shaffoflik va oshkoralikni taʼminlash maqsadida test sinovlari oʻtkaziladigan hududlarda videokuzatuv hamda jamoatchilik nazorati tashkil etildi.

Botir MADIYOROV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер