Fargʻonada tegishli hujjatlari boʻlmagan qariyb 3 mlrd soʻmlik zargarlik buyumlari aniqlandi
Fargʻona viloyatida tegishli hujjatlari boʻlmagan zargarlik buyumlari savdosining oldi olindi, deb xabar bermoqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Bildirilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Fargʻona viloyati boshqarmasi va Bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda fuqarolar M.T. va M.I. davlat roʻyxatidan oʻtmasdan “Z.” savdo doʻkonida xorijda ishlab chiqarilgan bojxona nazoratini chetlab yoki bojxona nazoratidan yashirib olib kirilgan zargarlik buyumlari savdosi bilan shugʻullanib kelayotganliklari aniqlangan.
Shundan soʻng, ulardan tegishli kirim hujjatlari umumiy bahosi 2,9 mlrd soʻmlik jami 418 dona umumiy ogʻirligi 1898,42 gramm zargarlik buyumlari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 182-moddasi (bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish) va 228-1-moddasi (davlat proba tamgʻalarini tayyorlash va ulardan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring