Fargʻonada teatr tomoshalari

21:06 17 Dekabr 2021 Jamiyat
1018 0

Teatr sanʼati insonni maʼnaviy-ruhiy yuksaklikka yetaklaydigan, badiiy didni tarbiyalaydigan va dunyoqarashni charxlaydigan vositalardan biri. Qolaversa, hayot ziddiyatlarini, ichki kechinma va sof tuygʻularni mahorat bilan sahnada jonlantirgan aktyorlar ijrosidagi spektaklni tomosha qilish asnosidagi zavqni, madaniy hordiq lahzalarini ortiqcha taʼriflashga hojat yoʻq.

Shu nuqtayi nazardan Fargʻona viloyati hokimi tomonidan tasdiqlangan rejaga koʻra, viloyatda faoliyat koʻrsatayotgan 5 ta teatr ijodiy jamoalari shu yilning toʻrtinchi choragida shahar-tumanlarda boʻlib, oʻz repertuarlaridan joy olgan spektakllarni namoyish etmoqda. Viloyat musiqali drama teatri, rus drama teatri, qoʻgʻirchoq teatri, Qoʻqon shahar musiqali drama teatri va Margʻilon shahar musiqali maqom teatri tomonidan sahnalashtirilgan sahna asarlari tomoshabinlarga juda ham manzur boʻlayotir.

— Quva, Toshloq, Qoʻshtepa, Rishton, Yozyovon tumanlari, Fargʻona va Quvasoy shaharlari madaniyat markazlarida Said Ahmad asari asosida sahnalashtirilgan “Ufq”, Oʻzbekiston Qahramoni, oltiariqlik mashhur fermer Lolaxon Murotova haqidagi “Lola yoxud barxanlarda ungan gul” kabi oʻndan ortiq spektakllar namoyish etilyapti, — deydi viloyat musiqali drama teatri aktyori, truppa rahbari Azizbek Temirov.

Viloyat qoʻgʻirchoq teatri matbuot kotibi Shahlo Hojimamatovaning aytishicha, olis va chekka qishloqlarda Yangi yil bayrami oldidan jajji tomoshabinlar uchun qoʻyilayotgan  “Karvonsaroy”, “Musiqali choyxona” singari spektakllar bolajonlarda katta qiziqish uygʻotmoqda.

Ayni kunlarda viloyat boʻylab teatr tomoshalari davom etmoqda.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер