Fargʻonada shahridagi goʻzal va koʻrkam maskanlar sektor rahbarlariga namuna sifatida koʻrsatildi
Foto: "Xalq soʻzi"
Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov tashabbusi bilan shahar va tumanlar sektorlari rahbarlari Fargʻona shahrida joylashgan “Shakarqishloq”, “Kimyogar” hamda “Mashʼal” mahallalarida koʻp qavatli uylar atrofini obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish hamda aholi bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishishdi.
“Shakarqishloq” MFYdagi Tarona koʻchasida 82 ta koʻp qavatli turar-joyning yertoʻla qismida ishlab chiqarish korxonalari, oʻquv markazlari, chevarxonalar va boshqa yoʻnalishlarda tadbirkorlik subyektlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Bu yil mahallada “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida 600 million soʻm mablagʻ ajratilib, Book-cafe, futbol maydonchasi hamda vorkaut maydonchalari tashkil etildi.
“Kimyogar” mahallasida esa “Yashil makon” loyihasi doirasida 10 ming tupga yaqin mevali va manzarali daraxtlar hamda gul koʻchatlari ekildi. Obodonlashtirish ishlari doirasida MFY hududida 12 ta bolalar maydonchalari, 200 ta koʻcha oʻrindiqlari, dam olish uchun 50 ta ochiq ayvonlar, 12 ta marosimlar oʻtkazish ayvoni qurildi. Ezgu tashabbus roʻyobi uchun 3 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ yoʻnaltirildi.
“Mashʼal” mahallasida joylashgan koʻp qavatli uyning yertoʻla qismida tashkil etilgan Mikroorganik oʻsimliklarni yetishtirish kooperatsiyasi hamda mahalla hududida yangi tashkil etilgan pardachilik sexi faoliyati sektor rahbarlariga maʼqul boʻldi. Shu bilan birga koʻp qavatli uylar oraligʻidagi boʻsh turgan 1 gektar yer maydonida barpo etilgan “Yoshlar eko bogʻi”ni namuna sifatida hududlarda koʻpaytirish maqsadga muvofiq ekanligi eʼtirof etildi.
— Sektor rahbarlari oʻz hududida ana shunday masʼuliyat va ishtiyoq bilan faoliyat olib borsa, zimmamizdagi yumushlarni amalga oshirishda yaxshi natijalarga erishamiz, — dedi viloyat hokimi Xayrullo Bozorov. — Bu “Yashil makon”, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda aholi bandligini taʼminlash borasida belgilangan dasturlar ijrosini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.
Amaliy seminar tarzida tashkil etilgan uchrashuvda shahar va tumanlarda koʻp qavatli uylar joylashgan mahallalarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, bolalar va sport maydonchalarini koʻpaytirish, koʻp qavatli uylar yertoʻlalaridan unumli foydalanish boʻyicha galdagi muhim vazifalar belgilab olindi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring