Fargʻonada qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida koʻrgazma boʻlib oʻtmoqda
Foto: Xalq so‘zi
Fargʻonada “Fergana Fermer Expo Uzbekistan – 2022» koʻrgazmasi boʻlib oʻtmoqda. Turkiyalik tadbirkorlar ishtirokida oʻtkazilayotgan koʻrgazmada qishloq xoʻjaligi, chorvachilik va dorivor oʻsimliklar boʻyicha xalqaro hamkorlik koʻlamini kengaytirish, investitsiyaviy tijorat takliflarini koʻrib chiqish rejalashtirilgan.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Fargʻona viloyati hokimligi, viloyat Agroxizmatlar markazi hamda Turkiyaning Selchuk universiteti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ikki mamlakatning qishloq xoʻjaligi, chorvachilik sohasi masʼullari va mutaxassislari, olimlar, tadbirkorlar ishtirok etmoqda.

— Keyingi yillarda sohada olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar samarasi sifatida viloyatimizda qishloq xoʻjaligi tarmoqlariga ilm-fan yutuqlarini, innovatsion loyihalarni tatbiq etishga katta eʼtibor qaratilmoqda, - deydi Fargʻona viloyati hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari Alibek Tursunov. — Ayni jarayonda Oʻzbekiston va Turkiya munosabatlari rivojlanib borayotgani quvonarlidir. Shu yilning fevral oyida Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi viloyat delegatsiyasining Turkiyaga amaliy tashrifi natijasida ham bir qator amaliy kelishuvlarga erishildi.
Koʻrgazmaning ochilish marosimida soʻzga chiqqan Turkiyaning Burdur viloyati qishloq xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻi Mehmet Tugʻrul ikki davlat qishloq xoʻjaligi vakillarining bu kabi oʻzaro tajriba almashishlari ayni muddao ekanini taʼkidlab oʻtdi.
— Ikki kun davom etadigan koʻrgazmada Turkiyaning 16 ta kompaniyasi va 30 nafarga yaqin qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlari ishtirok etishi hamda yangi shartnoma va kelishuvlarga erishish koʻzda tutilgan, - deydi Fargʻona viloyati Agroxizmatlar markazi rahbari, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori Nasibjon Oʻrazmatov. — Bu borada erishiladigan kelishuvlar viloyatimizda qishloq xoʻjaligi zamonaviy mezonlar asosida jadal rivojlanishiga xizmat qiladi.
Tadbir doirasida chorvachilik, bogʻdorchilik, paxtachilik, urugʻchilik, qishloq xoʻjaligi texnikalari kabi tarmoqlarda faoliyat olib borayotgan turkiyalik tadbirkorlarning koʻrgazmalari tashkil etiladi. Shuningdek, paxta yetishtirish, paxta tozalash sanoati, chorvachilikni rivojlantirishda xalqaro tajribalar hamda yangi texnologiyalarni joriy qilishning ahamiyati mavzusida sessiyalar oʻtkazish rejalashtirilgan.
Koʻrgazma ertaga, 15-dekabr kuni ham oʻz ishini davom ettiradi.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring