Fargʻonada qardosh Oʻsh viloyati delegatsiyasi ishtirokida turizmni rivojlantirish boʻyicha konferensiya oʻtkazildi

16:31 15 Noyabr 2023 Jamiyat
385 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Fargʻona shahrida Qirgʻiziston Respublikasining Oʻsh viloyati delegatsiyasi va viloyatda turizm sohasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik subyektlari ishtirokida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari – viloyat turizm boshqarmasi boshligʻi Xurshidjon Ahmedov yurtimizda ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda Fargʻona vodiysidagi yagona Turizm texnikumi faoliyatida haqida maʼlumot berdi. Viloyatda qardosh xalq tadbirkorlari bilan birgalikda turizm halqasini ochish taklifini bildirdi. Turizm halqasi ikki hududning eng diqqatga sazovor maskanlari boʻylab yangi marshrutlarni ochishni nazarda tutadi.

Konferensiyada ikki viloyatning turizm maskanlari taqdimoti oʻtkazilib, bu boradagi salohiyatni namoyon etuvchi koʻrgazmalar namoyish etildi. Zamonaviy mutaxassislar tayyorlash borasida bir qator tashabbuslar ilgari surildi.

— Tashrif davomida Margʻilon shahrida joylashgan Hunarmandlar markazida boʻlib, oʻzbek milliy liboslari brendi boʻlgan adras va atlas toʻqish jarayonlari, milliy liboslar koʻrgazmasini borib koʻrdik,—deydi Qirgʻiziston Respublikasi Prezidentining Oʻsh viloyati boʻyicha maslahatchisi Abdulqodir Aliyev. —Oʻz navbatida XVIII asrga oid Pir Siddiq tarixiy – madaniy yodgorligi bilan tanishish ham delegatsiyamizda katta taassurot qoldirdi.

Yuzma – yuz muloqotlar yakunida Fargʻona va Oʻsh viloyati oʻrtasida Hamkorlik memorandumi imzolanib, turizm sohasida oʻzaro sheriklikda ishlash, oʻzaro sayyoh almashish hamda sohadagi ilgʻor tajribalardan unumli foydalanishga kelishib olindi.

Shuningdek, qardosh xalq delegatsiyasiga mamlakatimiz tarixi haqida hikoya qiluvchi kitob tuhfa etildi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер