Fargʻonada “Onalarga ehtirom” festivali boʻlib oʻtdi
Shu yilning may oyi davomida mamlakatimizda ilk bor Fargʻona viloyatida “Onalarga ehtirom” festivali boʻlib oʻtdi.
Festivalning yakuniy viloyat bosqichi doirasida Margʻilon shahridagi “Ijodkorlar bogʻi”da katta bayram dasturi tashkil etildi.
Bogʻ hududidagi amfiteatrda viloyatning barcha shahar va tumanlaridan kelgan ikki ming nafarga yaqin moʻtabar onaxonlar hamda opa-singillar, minglab mehmonlar jamuljam boʻldi.
— Festivalning asosiy maqsadi Siz ulugʻ zotlarga boʻlgan yuksak ehtiromimizni namoyon etish, oʻsib kelayotgan yosh avlod qalbida ota-onaga hurmat tuygʻusini yuksaltirishga qaratilgan, — dedi viloyat hokimi Xayrullo Bozorov. – Qolaversa, farzandlik burchlarini ado etish, moʻtabar volidalarimizni qadrlash fazilatlarini shakllantirishdan iboratdir.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining birinchi oʻrinbosari Gulnora Marufova viloyat onalari hamda ular timsolida yurtimiz ayollariga koʻrsatilayotgan mehr-muhabbat mamlakat miqyosida keng quloch yozishiga ishonch bildirdilar..
Festival doirasida “Eng maʼrifatli farzand onasi”, “Eng yaxshi harbiylar sulolasi onasi”, “Eng yaxshi shifokorlar sulolasi onasi”, “Eng yaxshi rahbar ona”, “Eng yaxshi olima ona” kabi 25 ta nominatsiyada viloyat miqyosida gʻolib boʻlgan onalarga mukofotlar topshirildi. Birinchi oʻrin egalariga ikki kamerali muzlatkich, ikkinchi oʻrin sohiblariga kir yuvish mashinasi, uchinchi oʻringa munosib topilganlarga televizor sovgʻa qilindi. Gʻoliblar viloyat hokimining faxriy diplomi bilan ham taqdirlandilar.
Tadbir doirasida oʻtkazilgan konsert dasturida Oʻzbekiston xalq artistlari Ozodbek Nazarbekov, Zulayho Boyxonova, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Ilhom Farmonov, Alisher Fayz, sevimli sanʼatkorlar Hulkar Abdullayeva, Abdujalil Qoʻqonov, Zoxirshoh Joʻrayev ishtirokida kuy-qoʻshiqlar jarang sochdi. Viloyat sanʼat ustalari tomonidan tayyorlangan ona mavzusidagi sahna koʻrinishlari bayramga oʻzgacha shukuh baxsh etdi.
“Onalarga ehtirom” festivali Margʻilon uzra porlagan rang-barang va yorqin mushaklar bilan barchaga unutilmas taacsurotlar baxsh etdi.
Botir Madiyorov,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring