Fargʻonada “Navroʻzni ulugʻlash – insonni ulugʻlashdir!” shiori ostida xalq sayillari boʻlib oʻtmoqda

10:49 19 Mart 2026 Jamiyat
240 0

Navroʻzi olam nafaqat tabiatning goʻzal va betakror chiroyi, balki inson qalbidagi eng bokira tuygʻularning uygʻonishi bilan ham gʻoyatda suyuklidir. Shu bois ushbu bayram har yili oʻzgacha intiqlik bilan kutiladi, katta xursandchilik bilan nishonlanadi.

Ayni kunlarda Fargʻona viloyatining barcha shahar-tumanlarida davom etayotgan bayram tantanalarida ana shunday shukuh, fayz yaqqol namoyon boʻlmoqda. “Navroʻzni ulugʻlash – insonni ulugʻlashdir!” shiori ostida oʻtkazilayotgan tadbirlarda katta-yu kichik birdek ishtirok etayotir. Shu tariqa viloyatdagi har bir oila, mahalla bayram sururidan birdek bahramand boʻlishiga erishilyapti.

Oltiariq tumani markazida mahallalar, taʼlim muassasalari, idora va tashkilotlar tomonidan xalq sayli shaklida tashkil etilgan koʻrgazmalarda milliy qadriyatlarimiz, Navroʻzi olam shukuhi va tarovati, yangilanayotgan tabiat goʻzalligi aks etdi. Hunarmandchilik va bahoriy taomlar koʻrgazmalari, teatrlashtirilgan tomoshalar, sport musobaqalari, kitob yarmarkalari bayram qatnashchilariga koʻtarinki kayfiyat ulashdi. Oltiariqlik mashhur sanʼatkorlar, madaniyat boʻlimi qoshidagi badiiy jamoalarning chiqishlari barchani shodon davraga chorladi.

Qoʻqon shahrida xalq sayli davomida Yoshlar bogʻida joylashgan amfiteatrda konsert dasturi ham namoyish etildi. El suygan sanʼatkorlar ijrosidagi qadrdon kuy-qoʻshiqlar, raqs va teatrlashtirilgan tomoshalar barchaga koʻtarinki kayfiyat baxsh etib, bahor ayyomi tarovati va shukuhini yanada yuksaltirdi.

— Har bir shahar-tumanda boʻlib oʻtayotgan bu kabi bayram dasturlarida Navroʻz ayyomining mazmun-mohiyati va falsafasi, inson, ona zamin va tabiat uygʻunligi tamoyillariga oʻzaro hamohang ekanligi keng targʻib etilyapti, — deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Fargʻona viloyati boʻlimi rahbari Madiyor Turimov. — Shuningdek, ushbu kunlarda kam taʼminlangan, bemor va yolgʻiz yashovchi keksalar holidan xabar olinib, mehr-muruvvat koʻrsatilmoqda. Bunday xayrli tashabbuslar yurtimizda oʻzaro hurmat, gʻamxoʻrlik tushunchalarini yanada keng quloch yozishida muhim ahamiyatga ega, albatta.

Ayni kunlarda viloyat boʻylab Navroʻzi olam bayrami tadbirlari davom etmoqda.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер