Fargʻonada Navroʻz: tinch-osoyishta hayot zavqi, dorilamon kunlar shukronasi...
Navroʻz – asrlar mobaynida xalqimizning milliy qadriyatlari va ezgu fazilatlari, yuksak maʼnaviyatini oʻzida mujassam etgan qadrli bayramdir. Koʻhna tarixga ega ushbu bayram tabiat uygʻonishi, yangilanish va oʻzgarishlar tantanasi sifatida ham yanada suyukli.
Navroʻz – asrlar mobaynida xalqimizning milliy qadriyatlari va ezgu fazilatlari, yuksak maʼnaviyatini oʻzida mujassam etgan qadrli bayramdir. Koʻhna tarixga ega ushbu bayram tabiat uygʻonishi, yangilanish va oʻzgarishlar tantanasi sifatida ham yanada suyukli.
Yurtimizda joriy yilgi Navroʻz umumxalq bayrami “Navroʻzni ulugʻlash, insonni ulugʻlashdir!” degan bosh gʻoya asosida nishonlanayotgani zamirida ham ana shu kabi qadriabad qadriyatlar mujassam. Fargʻona viloyatida ham umumxalq bayrami xalq sayillari, madaniy-maʼrifiy tadbirlar, teatrlashtirilgan badiiy tomoshalar hamda konsert dasturlari tarzida davom etmoqda.
Bugun Fargʻona shahrida qad rostlagan muhtasham Ekoshahardagi amfiteatrda viloyatning asosiy teatrlashtirilgan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi. Bayram tadbiri munosabati bilan fayzli goʻsha Navroʻzga xos milliy naqshlar, gullar, xalq amaliy sanʼati namunalari, milliy hunarmandchilik mahsulotlari, qadimiy udum va marosimlarni aks ettiruvchi koʻrgazmalar bilan bezatildi.
Bayram tadbirida viloyat faollari, nuroniylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar hamda shahar-tumanlardan taklif etilgan hamyurtlarimiz jam boʻlishdi. Muazzam xiyobon uzra bahor fasli va koʻklam jozibasini aks ettiruvchi qadrdon kuylar jarang sochib, bayram ishtirokchilariga xush kayfiyat ulashdi.
Tantanali tadbirda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etib, barchani yasharish va yangilanish ayyomi bilan samimiy qutladi.
Taʼkidlab oʻtilganidek, keyingi yillarda elu yurtimiz katta taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtdi. Iqtisodiyotimiz bozor munosabatlariga mos tarzda yangilandi, ijtimoiy himoya tizimi kengaytirildi hamda barcha sohalarda qonun ustuvorligi taʼminlanmoqda. Buning samarasini tobora yangicha qiyofa kasb etib borayotgan shahar va tumanlar, mahallalar, zamonaviy korxonalar, savdo-servis maskanlari, taʼlim va tibbiyot muassasalari, zamonaviy xizmatlar misolida ham yaqqol koʻrish mumkin.
Xususan, joriy yilda Fargʻona viloyatida 4,2 mlrd dollarlik xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilib, 1mingta 424 ta loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, viloyatdagi 4 ta shahar va 5 ta tuman ishsizlik hamda kambagʻallikdan xoli hududga aylantirilishi koʻzda tutilmoqda.
Ayni kunlarda viloyat markazidan tortib, eng olis va chekka hududlarda ham tadbirkorlik, ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish va servis, ijtimoiy sohalarda koʻplab yangi obyektlar foydalanishga topshirilayotgani bu boradagi izchil saʼy-harakatlar samarasidir. Misol, uchun, shu kunlarda Oʻzbekiston va Uchkoʻprik tumanida yangi qurib bitkazilgan taʼlim muassasalari yangi avlod ixtiyoriga topshirildi. Hududlarda yangi mahalla binosi, zamonaviy korxonalar va muhtasham bino-inshootlar ish boshladi.
Oʻz navbatida viloyat hokimi 22-mart – Mahalla tizimi xodimlari kuniga ham alohida toʻxtalib, viloyatdagi 1017 ta mahallani obod va koʻrkam, xavfsiz va farovon maskanga aylantirish, ayni yoʻnalishda Fargʻona tajribasini shakllantirish muhim vazifa ekanligini taʼkidladi.
Teatrlashtirilgan bayram dasturi doirasida buyuk allomalarimiz oʻgitlari esga olindi, ajdodlar va avlodlar oʻrtasidagi uzilmas rishtalar mustahkamligi tarannum etildi. Viloyatda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, xalqimizning bunyodkorlik va yaratuvchanlik salohiyatini namoyon etuvchi turli sahna koʻrinishlari namoyish etildi.
Mumtoz kuy-qoʻshiqlar, bolajonlarning shoʻx-shodon chiqishlari, millatlararo doʻstlik va hamjihatlikni aks ettiruvchi taronalar, estrada yulduzlari ijrosidagi qadrdon ohanglar kattayu kichikka xursandchilik ulashdi.
—Bu yilgi Navroʻz shodiyonalari har jihatdan maroqli oʻtmoqda,—deydi Margʻilon shahrida joylashgan Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi direktori Nigora Mannopova.—Tadbirda viloyatning barcha hududlaridan taklif etilgan nuroniy otaxonlar, hayotimiz fayzi-farishtasi boʻlgan onajonlarga yuksak hurmat-ehtirom koʻrsatilgani barchamizni behad mamnun etdi. Bugun har bir qalbda dorilamon kunlar shukronasi, yaxshi niyatlar va kelajak bilan bogʻliq yuksak orzular mujassamligini koʻrish naqadar baxt.
Shodon davralarda yayrab raqsga tushayotgan yigit-qizlar, yuzidan nur yogʻilgan nuroniylarni koʻrib, yayrab ketyapman. Yurtimizdagi tinch-osoyishta hayotga aslo koʻz tegmasin!
Aytish joiz, ayni kunlarda bu kabi bayram tadbirlari viloyat boʻylab davom etmoqda.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring