Fargʻonada «mahallabay» ishlash tizimi qanday samara bermoqda?
Mahalla instituti xalqimizning dunyoda oʻxshashi yoʻq, eng noyob ezgu fazilatlari sirasiga kiritilishi bejiz emas. Asarlar mobaynida sayqallanib kelayotgan bu ezgu qadriyatni bugun zamonaviy mezonlar asosida rivojlantirish maqsadida “Fargʻona tajribasi” amaliyotga joriy etilyapti.
Ayni paytda Fargʻona viloyatidagi 1 ming 41 ta mahalla fuqarolar yigʻinida «mahallabay» ishlash tizimi joriy etilib, “oʻsish nuqtalari” aniqlanyapti hamda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ishlab chiqilyapti.
Shu kunlarda Fargʻonada Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ishchi guruhi tomonidan sektorlar kesimida «mahallabay» ishlash tizimi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganilmoqda.
Senatning ishchi guruhi aʼzolari Qoʻshtepa, Beshariq, Toshloq tumanida «mahallabay» ish tashkil etish borasidagi mavjud holat, aholi muammolari bilan yaqindan tanishdilar.
Beshariq tumanining “Fayziobod” MFYda tashkil etilgan “Sherwood Desion” korxonasida mahalladagi “Ayollar daftari”ga kiritilgan 76 nafar ayollarning 35 nafari faoliyat boshladi.
— «Mahallabay» tizimi asosida xonadonma-xonadon yurib, muammolarni oʻrganishganida ishsiz ekanligimni aytgandim, — deydi mazkur mahallada yashovchi Mahliyo Xolmatova. — Shu tariqa meni “Ayollar daftari” roʻyxatiga kiritishdi. Oradan hech qancha vaqt oʻtmay bu korxonaga tikuvchi boʻlib ishga joylashdim. Oilamiz doimiy daromad manbaiga ega boʻlganidan behad mamnunman.
Fargʻona tajribasi sifatida mamlakatimiz boʻylab ommalashtirilishi rejalashtirilayotgan «mahallabay» tizimi har bir muammo va masalaga aniq yondashuv tufayli ham eʼtiborga sazovor boʻlmoqda. Mushtarak maqsad yoʻlida oʻzaro hamjihatlikda ish olib borilsa, orzular, albatta, roʻyobga chiqadi.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi raisi Tolibjon Madumarov boshchiligidagi ishchi guruhi aʼzolarining Fargʻona viloyatidagi oʻrganish ishlari 17-aprelga qadar davom etishi rejalashtirilgan.
Botir Madiyorov,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring