Fargʻonada lavanda guli va iforidan tayyorlangan mahsulotlar koʻrgazmasi oʻtkazilmoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
Anʼanaga koʻra, Fargʻona viloyatining Uchkoʻprik tumanida Lavanda sayli boʻlib oʻtmoqda.
Shu yilning 20-iyun kuniga qadar oʻn kun davomida oʻtkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar doirasida lavanda guli va iforidan tayyorlangan mahsulotlar koʻrgazmasi, papayya, banan, godji, kivi, zaytunzorlardan iborat salomatlik bogʻi boʻylab ekosayohat, tibbiyot turizmi va mutaxassislar koʻrigi, turli konsert va shou dasturlar tashkil etiladi.
Shuningdek, mamlakatimizning turli hududlari va xorijdan kelgan sayyohlar shifobaxsh oʻsimliklar yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashgan “Mehrigiyo” kichik korxonasi lavanda bogʻlarining takrorlanmas goʻzalligidan bahramand boʻlishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bu yerda mehmonlar maxsus retsept asosida tayyorlangan lavandali taomlar, muzqaymoq va salqin ichimliklardan bahramand boʻlishlari, lavandazordagi unutilmas fotosessiyalarda esdalik uchun suratlarga tushishlari mumkin.
— Lavanda festivali tufayli mahallamizga yurtimizning barcha hududlari va dunyoning koʻplab davlatlaridan sayyohlar kelib, tabiat goʻzalliklari bilan birga tadbirkorlik, hunarmandchilik, qandolatchilik sohasidagi yutuqlarimizni alohida eʼtirof etib ketishmoqda,—deydi Uchkoʻprik tumanidagi “Toshkentliguzar” MFY raisi Tursunxoʻja Akbarov. – Hozirda mahallamiz hududida joylashgan “Mehrigiyo” korxonasi tasarrufidagi plantatsiyalarda sayyoramizning barcha qitʼalaridan keltirilgan yuzlab turdagi tabiiy va dorivor giyohlar parvarishlanyapti. Eng noyob mevali va manzarali daraxtlarni mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish uchun ilmiy-amaliy tajribalar olib borilmoqda.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring